Marhamat mahallalari yangi qiyofada

17:27 18 Oktyabr 2022 Jamiyat
1026 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyatining Marhamat tumani qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh. Uning 14 mahallasi respublikamizning eng chekka hududlaridan sanaladi. Tabiati soʻlim, xushmanzara bu mahallalarda soʻnggi uch yilda keng quloch yozgan bunyodkorlik ishlari marhamatliklarning turmush sharoitida, orzu-maqsadlarida yangi sahifa ochdi, desak yanglishmaymiz.

Yil oxiriga qadar taʼmirtalab yoʻl qolmaydi

Marhamat tuman hokimi oʻrinbosari Dilxush Ismoilovning aytishicha, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, eng avvalo, yoʻlsozlik sohasiga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. “Zotan, har qanday obodlik yoʻl taʼmiridan boshlanadi”, deydi u biz bilan suhbatda.

Shunday qilib, hozirga qadar tumandagi 11 mahalla fuqarolar yigʻinida jami 31,2 km masofadagi ichki yoʻllar shagʻallanib, 6,82 km koʻchalarni betonlash ishlari amalga oshirildi. Yil yakuniga borib, barcha ichki yoʻllar asfalt hamda beton qorishmasi bilan qoplanadi. Chang, loy va shagʻal yoʻllar endi tarixda qoladi.

— Bu kabi ravon yoʻllarni televizorlarda koʻrardim,-deydi Uvaysiy nomidagi MFYda istiqomat qiluvchi Oyshaxon Toʻrayeva. — Toʻgʻrisi, abgor yoʻllarda yurishga ham oʻrganib qolganimizdan asfalt yoʻlni umid ham qilmay qoʻygandik. Shukr, hokimiyat vakillari mahallamizda boʻlib, turmush sharoitimizni oʻrganishgach, katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminotidagi uzilishlar toʻxtadi. Mahallamizning oʻzida 10 kmdan ortiq ichki yoʻl qayta taʼmirlandi.

Chindan ham Marhamatda yoʻllardagi nosozliklarga, haydovchi va piyodalar harakatlanishidagi noqulayliklariga barham berish borasida qilinayotgan ishlar eʼtirofga loyiq. Asakadan Marhamat tumani sari otlanarkansiz, keng, tekis, ravon yoʻldan har qanday avtoulovda “ichingiz toʻkilmay” yetib olasiz.

— Buloqboshi tumanini Marhamat bilan bogʻlab turuvchi “Oʻqchi” MFYdan oʻtuvchi avtomobil yoʻlidan bir kunda bir necha marotaba qatnayman, — deydi haydovchi Sultonmurod Haydarov. — Avvallari taʼmirtalab yoʻldan ohista harakatlanganimiz uchun manzilga biroz kechikib kelardik. Hozir yoʻl sifatli. Tuman markazlaridan oshinib, chekka mahallalarga ham eʼtibor qaratila boshlanganidan xursandmiz!

Tumanda joriy yilning oʻzida «Shahrixon-Asaka-Marhamat-Qizilqiya», «Margʻilon-Quva-Marhamat-Aravon», «Xoʻjaobod-Buloqboshi-Kulla-Oʻqchi» avtomobil yoʻnalishlarida jami 7,5 km masofada joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Buning evaziga nafaqat markaziy, balki hududlararo yondosh ichki harakatlanuvdagi yoʻllar ham soz holatga keltirildi.

Har bir xonadonga toza ichimlik suvi kirib keldi

Marhamat tumani Andijon viloyatida toza ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha eng ogʻir hududlardan biri boʻlgan. Lekin endi buning tamomila aksidir. Joriy yilning oʻzida tuman mahallalarida 40,52 km ichimlik suv tarmogʻi tortilib, 8 ta suv qudugʻini qurish ishlari bajarildi.

— Buning natijasida suv taʼminotida uzoq yillardan buyon toʻplanib qolgan muammolar ijobiy yechim topdi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ Marhamat tuman filiali rahbari Xayrullo Ashurov. — Jumladan, “Konchilar”, Uvaysiy, “Oqbosh”, “Yangi hayot” kabi mahallalarda suv taʼminoti barqarorlashdi. Hozirda “Yangi hayot” MFYda suv tozalash inshooti barpo etilmoqda. Loyiha foydalanishga topshirilgach, tumandagi ichimlik suvi taʼminoti yanada ortadi.

Shuningdek, hududda 45,587 mlrd. soʻmlik loyiha asosida shu kungacha 18,5 km masofaga oqova suv tarmogʻi tortildi.

“Zangori olov”dan koʻngillar ham iliy boshladi

Kuz-qish fasli yaqinlashgani sari aksar marhamatliklarni bir tashvish qiynardi. U ham boʻlsa, tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlardir. Bu uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 1,2 km gaz tarmogʻida taʼmirlash ishlari bajarilib, 11 dona gaz tarqatish qurilmasi mavsumga shay holatga keltirildi.

— Toʻgʻri, tumanimizdagi barcha xonadon ham tabiiy gaz taʼminotidan bahramand emas, — deydi Marhamat tuman hokimi oʻrinbosari Dilxush Ismoilov. — Ana shunday 335 xonadonga yangi maishiy gaz ballonlari tarqatildi. Qishda mahallalarimizdagi har bir xonadonda “zangori olov” yonib turishi, odamlar, ayniqsa, keksalar va bolalar qiynalmasligi uchun barcha choralarni koʻrmoqdamiz.

“Tunlarimiz kundek charogʻon!”

Bugun tumanning qay manzilida boʻlmang, odamshavanda marhamatliklarning gʻururlanib aytadigan bu soʻzlarida zarracha mubolagʻa yoʻq.

— Elektr taʼminotidagi uzilishlar kimni ranjitmagan, deysiz, — deydi “Konchilar” MFYda yashovchi Odil Sulaymonov. — Salgina shamol essa, tamom, uyda chiroq oʻchardi. Ayniqsa, oila jam boʻlib, endi kechki ovqatga qoʻl choʻzishing bilan “lip” etib chiroq oʻchsa, qalbing ham qop-qorongʻu boʻlib qolardi. Endi esa tunlarimiz ham kunduzdek charogʻon. Bolalar bemalol svet yorugʻida dars qilishadi, kitob oʻqishadi. Ayollarimizning ham roʻzgʻor yumushlari yengillashgan. “Mana, boʻlarkanku!” deymiz svet oʻchmayotganini koʻrib. Odamlarni rozi qilish yoʻlidagi bu kabi xayrli ishlarni, yon-atrofimizdagi oʻzgarishlarni koʻrib, yanada quvonamiz.

Maʼlumotlarga koʻra, Marhamat tumani mahallalarida oʻtgan davrda 33,7 km elektr tarmogʻi tortilib, 500 dan ortiq temir betonlar oʻrnatildi. 31 ta yangi transformator oʻrnatish hamda taʼmirlash ishlari bajarildi.

Bugina emas, tumanda ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash, aloqa sifatini oshirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini roʻyobga chiqarish yoʻlida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqdaki, bu endi alohida mavzu.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер