Maqsadimiz Oʻzbekistonda turizmning har bir yoʻnalishini yuqori nuqtaga olib chiqish — Umid Shadiyev
Bugun, 17-oktabr kuni Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi tadbirlari doirasida Xalqaro investitsiya forumi (“Global Invesment Forum”) rasman oʻz ishini boshladi.
Forum doirasida vazirlar, xalqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi, 22 ta taqdimot oʻtkazish rejalashtirilgan.
Investitsiya forumida 100 dan ortiq davlatdan 122 ta yirik xorijiy investorlar hamda 540 ga yaqin yirik mahalliy kompaniyalar vakillari qatnashmoqda va 4200 kv.m maydonda Oʻzbekistonning 14 ta hududining mavjud turistik-investitsion salohiyati, 3 ta turistik-rekreatsion zona faoliyati bilan yaqin tanishishdi hamda kelajak hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
“Oʻzbekiston turizmining asosi bu madaniy meros obyektlari hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy maskanlar oʻzining rang-barangligi bilan odamlarning eʼtiborini oʻziga tortadi. Qisqa qilib aytganda, qadimiy “Ipak yoʻli”ning muhim boʻlagi boʻlgan Oʻzbekiston boʻylab sayohat turistlarni yangi sarguzashtlarga ilhomlantiradi. Bugungi kunga kelib, turizmning har bir yoʻnalishini Oʻzbekistonda mavjud imkoniyatlar asosida eng yuqori nuqtaga olib chiqish uchun ishlanmoqda. Oʻzbekistonning turizm sohasi uchun investitsiya maqsadimiz 3 milliard dollarni tashkil etadi. Global miqyosda gapiradigan boʻlsak, bu unchalik katta mablagʻ emas: oʻtgan oy Londonda ochilgan “The Peninsula” mehmonxonasi dunyodagi birinchi milliard dollarlik mehmonxona loyihasi ekanligini tushunaman va sizni ishontirib aytamanki, biz yaqin yillarda uchtadan ortiq mana shunday mehmonxonalar qurishni rejalashtirmoqdamiz”, deb aytib oʻtdi Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring