Maqsad bitta: qiynoqqa colishning oldini olish
Inson qadr topsa, erkinlikka ega boʻlsa, unda yaratuvchanlik, izlanish, oʻz ustida ishlash, hayotdan rozilik kayfiyati paydo boʻladi. Shu bois, mamlakatimizda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tizimli va ortga qaytmaydigan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bosh qomusimizning 26-moddasi ikkinchi qismida ham “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”, 25-moddasida esa “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”, deb belgilab qoʻyilgan.
Mamlakatimiz rivojining hozirgi bosqichida hayotga tatbiq etilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi insonning huquq va erkinliklarini har tomonlama taʼminlash, kafolatlashdan iboratdir. Chunki fuqarolar huquqlari taʼminlangan yurtda tinchlik, osoyishtalik hukm suradi, odamlar hayotdan rozi yashaydi. Bu borada Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati, inson huquqlarini himoya qilish hamda har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlashga qaratilgan saʼy-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Lekin hozirgi davr qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bogʻliq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona koʻrib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish boʻyicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomidir.
Aytish mumkinki, mazkur hujjat Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qabul qilingan. Pirovard maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishdir.
Qarorning ahamiyatli tomoni shundaki, unda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha eng ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Birinchidan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;
Ikkinchidan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qatʼiy taʼminlash;
Uchinchidan, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;
Toʻrtinchidan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash.
Shuningdek, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini taʼminlashdek muhim vazifalar ham oʻrin olgan.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, qarorga muvofiq, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Bu orqali harakatlanish erkinligi cheklangan shaxsni qabul qilishga asos boʻlgan hujjat nusxasi va ushbu shaxs haqidagi maʼlumotlar shaxs harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan vaqtdan boshlab ularning maʼmuriyati tomonidan darhol yagona elektron reyestrga kiritib boriladi.Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Ombudsman esa mazkur maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bular hali hammasi emas. Ushbu hujjat bilan Oliy Majlis palatalariga Jamoatchilik guruhlarini shakllantirish, faoliyatini tashkil qilish va monitoring oʻtkazish tartibini nazarda tutuvchi qonun hujjatlarini qabul qilish, shuningdek, Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha ish faoliyati koʻlami ortishini inobatga olib, Ombudsman Kotibiyati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini qayta koʻrib chiqish vazifasi yuklandi. Oʻz navbatida, Oliy Majlis palatalari har yili ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish boʻyicha maʼruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi koʻrsatib oʻtildi.
Shu nuqtayi nazardan mazkur qarorni inson huquq va manfaatlarini oliy qadriyat sifatida baholaydigan Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi toʻla qoʻllab-quvvatlaydi. Biz uchun shaxsning huquqlari va erkinliklari jamiyat va davlat manfaatlaridan ustun hisoblanadi. Fikrimizcha, insonning individual huquqlari jamiyat va iqtisodiy tartibning huquqiy bazasi hisoblanadi va biz “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan olijanob gʻoyani va tamoyilni izchillik bilan hayotga joriy etish, shaxsiy huquq va erkinliklar, shaxsning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini taʼminlash tarafdorimiz.
Xulosa shuki, har qanday jinoyat jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazadi. Ana shunday jinoyatlardan biri qiynoqqa solishdir. Ushbu qarorda belgilangan vazifalarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, ayniqsa, Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishdagi islohotlariga xalqaro hamjamiyatning ijobiy fikrini shakllantirishga xizmat qilishi muqarrar.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring