Maqsad bitta — ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish

02:01 15 May 2020 Siyosat
1375 0

Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan purmaʼno hikmat bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Zero, bugungi ogʻir damlarda serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz boʻla turib undan samarali foydalanmasdan aholi roʻzgʻorining butligiga erishish mushkul.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz ham “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deb mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar. Sababi qishloq xoʻjaligi qoʻshimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayzu barakasi, hayotimiz farovonligi koʻp jihatdan unga bogʻliq.

Shu bois ayni damda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tumanlarni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish, mahsulot yetishtiruvchilarni meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalarga birlashtirish boʻyicha muhim va tezkor choralar koʻrilayotir.

Tajribali fermerlarimiz, fidoyi dala mehnatkashlari ham qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni chuqur his etgan holda meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini oshirishga astoydil bel bogʻlagan.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror oʻz vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga ega. Negaki, mazkur hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020−2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida respublika hududlarini bosqichma-bosqich qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Bunda asosan qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish hamda ilm-fan yangiliklarini keng joriy etish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadlari koʻzlangan. Dastlabki bosqichda respublika boʻyicha 55 ta tuman meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan.

Endilikda bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida eksperiment tariqasida 2020-2022-yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qoʻshimcha yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (bogʻdorchilik va uzumchilik, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor oʻsimliklar) yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Zero, qarorda ushbu yer maydonlarida agroklasterlarni tashkil etuvchi salohiyatli tashabbuskorlar, fermer xoʻjaliklari va boshqa subyektlarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun tanlov asosida ajratilishi belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin, Mirzachoʻl hamda Paxtakor tumanlarida ularning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, transport va infratuzilma obyektlari holati va tutash tumanlarning mahsulot yetishtirish hajmlarini inobatga olib, yirik agrologistik markazlar tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Yana bir muhim yangilik – 2021-yil 1-yanvardan boshlab 2023-yil 1-yanvarga qadar chetdan olib kirilayotgan urugʻlar, koʻchatlar va payvandtaglar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etiladi.

Shuni qayd etish joizki, qishloq xoʻjaligini suvsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ayniqsa, respublikamiz agrar tarmogʻida obihayotning qadri juda baland. Mazkur hujjat bilan esa Jizzax viloyatining ayrim hududlarida artezian quduq qazish va yer osti suvlaridan foydalanish maqsadida Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 6 milliard soʻm mablagʻlari evaziga 6 dona burgʻilash mashinasi xarid qilinib, Jizzax viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga begʻaraz ajratiladi.

Davlatimiz rahbari qarorida, shuningdek, ixtisoslashtirilgan hududlarda tashkil etiladigan har bir agroklasterga xalqaro standartlarga (Global GAP, Organic, ISO 22000 va boshqalar) muvofiq xavfsizlikni boshqarish tizimlarini joriy etish belgilandi. Maqsad bitta — hududlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish orqali ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер