Mantiqan oʻylansa, “qimmat” deb jar solayotgan “xalqparvarlar” oddiy xalq haqida qaygʻurishmayapti — A. Qodirov

12:54 06 Noyabr 2020 Jamiyat
1544 0

Kuz-qish mavsumi boshlandi. Gaz va elektr yetishmovchiligi kun tartibida... Toshkentdan buni his qilib boʻlmaydi, Jizzaxda Forishga, Samarqandda Ishtixonga, Navoiyda Konimexga yoki vodiy viloyatlaridagi bir qancha tumanlarga borib yashab koʻrish kerak.

Nega bu yetishmovchilik hech hal boʻlmaydi? Gaz yoki elektr yoʻqmi? Bor, lekin uzoq joylarga resurslarni yetkazib beradigan tarmoqlar yaroqsiz. Bu tarmoqlardan foydalanish — resurslarni havoga sochib yuborish bilan teng. Kim taʼmirlashi kerak? Gaz va elektr ishlab chiqaruvchi kompaniyalar. Nega taʼmirlamaydi? Chunki bu kompaniyalar ishlab chiqargan mahsulotini sotishdan foyda koʻrmaydi. Demak, biz isteʼmol qilayotgan gaz va elektr energiyasi uchun qisman toʻlaymiz? Bizni oʻrnimizga ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlar koʻproq toʻlaydilar va qolgan qismi byudjetdan qoplanadi.

Oʻztransgaz ham, Oʻzbekenergo ham Oʻzavtomotorsga oʻxshagan monopoliya-ku?

Zarar keltirib koʻrayotgan foydamiz haqida ogʻizni yumib, foyda keltirayotgan zararimiz haqida ayyuhannos solamiz.

Hukumat odamlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan mahsulotlarni toʻlov qobiliyatiga moslashtirish uchun bir qismini tadbirkorlardan, bir qismini byudjetdan qoplaydi. Byudjet ham bizning pulimiz, deyishingiz mumkin, toʻgʻri, lekin insof bilan oʻylab koʻraylik, choy qoshiqda qoʻshib, kosada olamizmi?

Gap narxda emas, daromadning pastligida ekanligini tushunib yetishimiz kerak.

Shu bilan birga, bir emas, bir nechta mashina sotib olishga imkoniyati boʻlganlar bor. Halol boʻlsa qaddini ursin, buyursin. Ular vaqtida “shapka” ham berib sotib olgan, bugun ham sotib olyapti shekilli, avtomashina sotilishi kamaymayatdi. Demak, talab boʻlgan mahsulotni qimmatroq sotish hisobiga, aholi uchun muhim boʻlgan tovarlarni arzonroq sotish imkoniyati bor ekan. Monopoliyalarni faqat “oʻgʻrilar” deb haqorat qilavermasdan, ulardan odamlar yukini yengillatish uchun tizim sifatida foydalanilayotgan boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrish kerakdir, balki?

***

Yaqinda Prezident farmoni imzolandi. Butun mustaqillik davrida ilk marotaba haqiqiy transformatsiya boshlanadi. Oʻzavtomotors ham, Oʻztransgaz ham, Oʻzbekenergo ham oʻzgaradi. Balki avtomashina arzon boʻlar, tor yoʻllarimiz avtomashina hajmini ikki barobar ortishini koʻtaradimi, bu boshqa masala, lekin suv, gaz va elektr uchun narxlar oʻzgarsa kerak. Kompaniyani foyda koʻrish uchun sotib oladiganlar byudjetning subsidiyalariga qaram boʻlib oʻtirishga rozi boʻlmasliklari aniq.

Avtomobil sotib olish imkoniyati borlar hozirgidek yana hech narsani sezmaydilar, gaz va elektr uchun 1 emas, 2 millionni toʻlab qoʻyaveradilar. Lekin daromadi kam, avtomobil sotib olish yaqin oʻn yillik rejasida boʻlmagan, gaz uchun 200 ming soʻmni ham toʻlay olmasdan, qarzga botib qolayotgan oddiy odamlarga yana qiyin boʻladi. Mantiqan oʻylansa, “qimmat” deb jar solayotgan  “xalqparvarlar” oddiy xalq haqida qaygʻurishmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda “oh-voh” qilayotganlar ikki kun elektrsiz oʻtirish nimaligini biladilar deb oʻylamayman. Qolaversa, avtomobil sotib olishga imkoniyati borlar bunday mehribonchilikka muhtoj emasliklarini isbotlash uchun mashina sotib olishda bardavomlar... Bu haqiqiy holat! Men oʻylab topayotgan narsa emas.

Muammolarni osmondan yoki togʻ ortidan kimdir kelib yechib bermaydi. Oʻzbekistonni tezroq oyoqqa turishi biz va bolalarimiz uchun kerak.

Meni avtomashina narxidan koʻra hududlarda maktab yoki uyini isitolmay qolayotgan odamlar koʻproq oʻylantirayapti. Ularga energoresruslarni yetib bormayotganiga arzonlashtirilgan elektr va gazni isteʼmol qilayotgan, kerak boʻlsa isrof qilayotgan hammamiz sababchi boʻlmayapmizmi? Ular ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarini yozmaydilar, bechora Don Kixotlarni shamol bilan jangga chorlayotgan trollardek shovqin koʻtarmaydilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda xalqni oʻylayotgandek koʻrinayotganlar aslida ularning ogʻirini yana ogʻirlashtirmoqdalar, xolos.

Har bir inson oʻzi, oilasi va atrofidagilarning manfaatlarida muvozanatni anglay olmagunicha intilayotganimiz shaffof jamiyat shakllanmaydi. Oʻzgarmasak Oʻzbekiston oʻzgarmaydi.

Alisher Qodirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер