Maʼmuriy odil sudlovning yangi konsepsiyasi — huquqiy davlat poydevori
Maʼmuriy odil sudlov davlat organlari bilan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining oʻrtasida ommaviy-huquqiy munosabatlardagi muammolarni samarali hal qilishga qaratilgan eng muhim institutlardan biri boʻlib, Oʻzbekistonda uning rivoji oxirgi yillarda maʼmuriy sudlar tizimining joriy etilishi bilan yangi bosqichga koʻtarildi.
Biroq tan olish kerakki, maʼmuriy odil sudlovning yurtimizda rivoji bunga qadar juda muammoli va past darajada boʻlgan. Sovet davrida maʼmuriy odil sudlov yoki maʼmuriy sud ish yurituvining huquqiy tavsifi maʼmuriy yustitsiya tushunchasi asosida tushunilgan boʻlib, uzoq payt davomida rad etilganini taʼkidlash oʻrinli.
Maʼmuriy yustitsiya yoki maʼmuriy odil sudlovning sovet davrida rad etilishiga sabab boʻlgan asosiy omillardan biri, bu — davlat organlari va fuqarolar oʻrtasidagi manfaatlar yuzasidan nizo yoki kelishmovchilik boʻlishi sotsialistik mafkuraga zid, deb qaralgan. Biroq bunday qarashning notoʻgʻri ekanligi tarixiy rivojlanish davomida oʻz isbotini topdi deyish mumkin.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-yil 8-dekabrda Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi mustahkamlab qoʻyildi.
Prezidentimizning mustahkam siyosiy irodasi va tashabbusi bilan 2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda maʼmuriy odil sudlovni rivojlanishida mazmun va sifat jihatdan mutlaqo yangi davr boshlandi.
Maʼmuriy odil sudlov tizimining mamlakatimiz rivojida davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Amalga oshirilgan islohotlarga koʻra, maʼmuriy sudlar vakolatidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish olib tashlangani, maʼmuriy sudlar umumiy yurisdiksiya sudlaridan alohida tarzda saqlab qolingani, maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilgan 120 mingga yaqin ariza va shikoyatlarning 57 foizi qanoatlantirilib, maʼmuriy sudlar zimmasiga shikoyatlarni koʻrib chiqishda “faol ishtirok etish” tamoyili asosida nizoni toʻgʻri hal qilish uchun dalillarni mustaqil yigʻish majburiyati yuklangani, sud qarori ijrosini taʼminlamagan mansabdor shaxslarga jarima qoʻllash vakolati berilgani, sudga taalluqlilik masalasidagi oʻzgarishlar maʼmuriy odil sudlov rivojida juda katta qadamlar boʻldi.
Shuni taʼkidlash lozimki, 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi maʼmuriy odil sudlov rivojini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjudligini koʻrsatdi. Xususan, Konstitutsiya 1-moddasiga koʻra Oʻzbekiston huquqiy davlatga asoslanishi hamda 55-moddasida yangi mazmun kasb etgan har kimga sudga murojaat imkoniyati (access to justice)ni kengaytirish mustahkamlab qoʻyildi.
Shunday boʻlsa-da, bugungi kunda maʼmuriy sudlar faoliyatiga ilgʻor xorijiy tajribada oʻzini oqlagan institut va tartiblarni keng qoʻllash orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ushbu sudlarning rolini oshirish, shu jumladan, davlat organi hujjatiga ishonib faoliyat yuritgan fuqaro va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini qoʻshimcha ravishda kuchaytirish zarurati vujudga kelmoqda.
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali hamda ishonchli himoya etilishini taʼminlash va maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib mazkur sohani sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali yanada takomillashtirish maqsadida Prezidentimizning 2025-yil 30-yanvardagi “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
— davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli va samarali himoya etilishini ustuvor ravishda taʼminlash;
— fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qoʻllash mexanizmlarini kengaytirish;
— davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish;
— maʼmuriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
— fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sud tizimiga boʻlgan ishonchini yanada oshirish;
— davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini toʻliq joriy etish;
— maʼmuriy yustitsiya tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida maʼmuriy sudlar faoliyatini takomillashtirib borish.
Bugungi kunda maʼmuriy sud ishlarini olib borish sifatiga jiddiy taʼsir oʻtkazayotgan ayrim muammolar yechimi ham ushbu qarori bilan keltirib oʻtilmoqda. Jumladan, ayrim hollarda javobgar tomondan ishtirok etadigan davlat organi vakili ishtirok etmasligi yuzasidan qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini taʼminlash, sudga murojaat qilish muddatlariga rioya etilishi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquq hamda qonuniy manfaatlar himoyasini kuchaytirishga qaratilgan ishonchning himoya qilinishi prinsipini maʼmuriy sud ish yurituvida tatbiq etilishini kengaytirish kabilar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarining vaqt va mablagʻ bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlarini qisqartirish maqsadida 2025-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyekti tomonidan tan olingan soliqqa oid huquqbuzarliklar boʻyicha soliq organi tomonidan ushbu tadbirkorlik subyektining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish tartibini hamda 2025-yil 1-iyunga qadar nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari tan olgan huquqbuzarliklar boʻyicha moliyaviy jarimalarni qoʻllash (bundan soliqqa oid huquqbuzarliklar boʻyicha jarima qoʻllash mustasno)ga oid qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.
Mazkur qaror bilan maʼmuriy sud ish yurituviga xalqaro standartlarga va ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq, ommaviy-huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini taʼminlash boʻyicha oʻzini oqlagan yangi institut va tartiblarni implementatsiya qilish boʻyicha ishlarni davom ettirish nazarda tutilgan.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda bugunga qadar maʼmuriy odil sudlov sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan jiddiy omillardan biri sifatida maʼmuriy daʼvo va maʼmuriy akt institutlarining tan olinmayotgani muammosiga ham ushbu qaror bilan yechim taklif qilinmoqda.
Jumladan, maʼmuriy sud ishlarini yuritishga maʼmuriy daʼvo institutini kiritib, daʼvo turlarini aniq belgilash (haqiqiy emas deb topish, bekor qilish, maʼmuriy hujjatni qabul qilish majburiyatini yuklash, muayyan harakatlarni bajarish yoki bajarishdan tiyilish majburiyatini yuklash, tan olish haqidagi daʼvolar), daʼvo turlari boʻyicha maʼmuriy ish yuritishning alohida tartiblari, jumladan, murojaat qiluvchi shaxslar doirasi, murojaat qilish muddatlari, isbotlash majburiyatlari, sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish va ularni ijro etishning protsessual qoidalarini belgilash, maʼmuriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qaroriga oid qoidalarda xalqaro standartlardan kelib chiqib, maʼmuriy akt konsepsiyasi qoidalarini qoʻllash amaliyotini joriy etish mamlakatimiz qonunchiligiga ilk marotaba kiritilmoqda.
Bu, oʻz navbatida, arizachi boʻlmish fuqaro va tadbirkorlik subyektini shunchaki shikoyat qiluvchi maqomidan sudga daʼvo qilish orqali davlat organidan muayyan muammo yechimini talab qilish maqomiga oʻtishini taʼminlab beradigan konseptual oʻzgarish boʻlib hisoblanadi.
Aytish mumkinki, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan mazkur hujjatning qabul qilinishi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini taʼminlash, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarning samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish, ommaviy-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga toʻsqinlik qiluvchi qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlar va kolliziyalarni bartaraf etish, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, odil sudlovga oid xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz oʻrnini yaxshilash imkonini beradi.
Joʻrabek NEʼMATOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Maʼmuriy va moliya huquqi kafedrasi professori,
yuridik fanlar doktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring