Mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi
Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlis kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalarini tuzish hamda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzishga oid masalalar koʻrib chiqildi.
Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 22-oktyabrdagi 966-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan hamda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi.
Ushbu talablardan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining majlisida mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi hamda mazkur saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.
Majlisda shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlari tuzildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.
Ekspert guruhi tarkibiga jami 36 nafar kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarining vakillari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etadilar.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan toʻrt kunlik muddatda tekshiriladi.
«Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring