Mamlakatimizdagi ilk arxeologik park qayerda tashkil etilmoqda?
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, tadqiqotlar natijasida topilgan, yer ostida koʻmilib yotgan yodgorliklar qoldiqlarini konservatsiya, restavratsiya va rekonstruksiya qilish orqali tegishli infratuzilma yaratish arxeologik park barpo etilgani dalolatidir. Yurtimizda bunday park birinchi boʻlib Buxorodagi qadimiy Ark qoʻrgʻonida tashkil qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash direksiyasi, viloyat hokimligi, Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi hamkorligidagi mazkur park loyihasi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti (MITSAI) tomonidan tayyorlanayapti.
Shu oʻrinda nega aynan Ark qoʻrgʻoni tanlandi, degan savol tugʻiladi.
-Bu qalʼa Buxoroning eng qadimgi tarixiy meʼmorchilik yodgorligi hisoblanadi, - deydi Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi boshligʻi Sh. Mahmudov. - Bundan, 2,5 ming yil oldin, balki undan ham oldinroq ushbu manzil davlat hukmdorlarining qarorgohi boʻlgan.Uning balandligi 16 - 20 metrni tashkil etadi.
Ark gʻarbdan sharqqa tomon yoyilgan koʻpburchakni eslatadi. Qalʼa devorlarining uzunligi 789 metr. Qoʻrgʻon hududida 1976-1978-yillarda taniqli arxeolog Ye.G.Nekrasova boshchiligida Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot taʼmirlash instituti tomonidan tadqiqotlar oʻtkazilgan. Oʻrganish natijalariga qaraganda, qalʼa devorlari miloddan avvalgi IV asrda barpo etilgan.
Oʻshandan buyon bu koʻhna inshoot ne – ne kechmishlarni boshidan oʻtkazmadi, deysiz.Ayniqsa, 1920-yilda M. Frunze boshchiligidagi shoʻrolar qoʻshini tomonidan Buxoroga qilingan hujum oqibati ayanchli boʻldi. Bosqindan shahardagi koʻplab yodgorliklar, turar – joylar qatori Ark qalʼasi ham jiddiy ziyon koʻrdi. U aeroplanlar vositasida bombardimon qilindi.Qoʻrgʻon hududidagi masjid, turar – joy va boshqa inshootlar yakson etildi. Necha ming yillik tarixga ega goʻsha vayrona holga keldi. Oʻsha mashʼum bosqin asoratlari qoʻrgʻonning foydalanilmay kelinayotgan qismida haligacha saqlanib qolgan.
Aytmoqchi, Ark qoʻrgʻonining umumiy maydoni toʻrt gektarga yaqin. Bugungi kunda uning bor – yoʻgʻi 1,1 gektariga sayyohlar tashrif buyurmoqda. Loyiha roʻyobga chiqishi bilan shahar mehmonlari qoʻrgʻonning barcha hududini tomosha qilish imkoniga ega boʻladilar. Bir soʻz bilan aytganda, yangi turizm yoʻnalishi yuzaga keladi.
- Jahon tajribasida arxeologik parklar bor, albatta, - deydi Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi masʼul xodimi E. Sobirov. - Uzoqqa bormay, Qozogʻiston Respublikasidagi “Kultobe” arxeologik parkini misol qilib koʻrsatish mumkin. U YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasi muhofaza hududida joylashgan. Ark qoʻrgʻonida barpo etilayotgan arxeologik parkka kelsak, u oʻtmishimizning hali toʻliq oʻrganilmagan sahifalarini ochib beribgina qolmay, yurtimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining eng muhim tarixiy goʻshalaridan biriga aylanadi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring