Mamlakatimizda koronavirusni yuqtirib olgan bemorlar qaysi hududlarda muolaja olmoqda? Batafsil maʼlumot
Illyustrativ surat
Avval xabar qilganimizdek, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan xastalanganlar 158 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 92 nafari (shundan 7 nafari sogʻaygan, bir nafari vafot etgan) poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida, qolgan 66 nafari (shundan bir nafari vafot etgan) esa qator viloyatlardagi shifoxonalarda muolaja olishmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi batafsil axborot berdi.
Unga koʻra, Fargʻona viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalingan 26 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Fargʻona ushbu koʻrsatkich bilan Toshkent shahridan keyingi oʻrinda turadi. Ularning 9 nafari fargʻonalik. Qolgan 4 nafari andijonlik, 1 nafari jizzaxlik, 3 nafari samarqandlik,7 nafari poytaxtlik, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Kasallikka chalinganlarning 17 nafari shu yilning 25-mart kuni bitta reysda Turkiyadan Fargʻonaga charter reysda kelishgan yoʻlovchilar orasida aniqlangan. Shu kuniyoq ular statsionar karantinga olinib, kasallik tasdiqlangach ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga oʻtkazilgan.
Namangan viloyatida esa 15 holatda ushbu infeksiya aniqlangan. Ularning 13 nafari 12 va 13-mart kunlari Turkiya safarida boʻlib qaytishgan ikki nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarodan yuqtirib olishgan. Ayni paytda bemorlar viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanmoqda. Ilgari xabar berganimizdek, bir nafar bemor vafot etgan.
Andijon viloyatida 8 nafar bemor bor va ularning barchasi andijonliklar. Bundan tashqari boshqa viloyatlarda yana 6 nafar andijonlik bemor bor — 2 nafari Buxoroda, 4 nafari Fargʻonada viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Hozirda bir nafar xorazmlikda ushbu infeksiya tasdiqlangan. Ammo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bundan tashqari, yana 5 nafar bemor davolanmoqda. Ularning 2 nafari surxondaryolik, 1 nafari buxorolik, 1 nafari qoraqalpogʻistonlik, 1 nafari esa fargʻonalik hisoblanadi.
Buxoro viloyatida 8 nafar, jumladan, Andijon va Samarqand viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo viloyati hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 1 nafardan bemor davolanmoqda. Ularning 4 nafari 22-mart kuni Istanbul – Buxoro charter reysida va yana 4 nafari esa 24-mart kuni Moskva – Buxoro charter reysida kelgan va karantinga olingan, kasalligi tasdiqlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Bundan tashqari, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Moskvadan charter reysida kelib, kasalligi tasdiqlangan 2 nafar buxorolik poytaxtimizda va 22-martda Moskvadan charter reysida Urganchga uchgan bir nafar ushbu viloyat fuqarosi Xorazm yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Ayni vaqtgacha uch nafar qashqadaryolikda ushbu infeksiya aniqlangan. Shundan bemor bilan muloqot orqali ushbu infeksiyaga chalinib bir nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan boʻlsa, qolgan 2 nafari 21-mart va 28-mart kunlari Moskvadan kelgan shahrisabzlik va yakkabogʻlik fuqarolarda aniqlangan. Ular poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida muolaja olishmoqda.
Navoiy viloyatidan ham 2 nafar asli ushbu hududdan boʻlgan va kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda boʻlgan fuqaroda infeksiya aniqlanib, viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan muassasada davolanmoqda.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar haqida batafsil maʼlumot berib borishda davom etamiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring