Mamlakatimiz boʻylab “Mening oilam – mening huquqim” shiori ostida aksiya oʻtkazilmoqda

18:50 22 Avgust 2023 Jamiyat
828 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun mamlakatimizning 9 ta hududida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan grant loyihasi doirasida Oʻzbekiston Notarial palatasi “Yuksalish” umummilliy harakati (UMH) bilan hamkorlikda eʼlon qilingan “Mening oilam – mening huquqim” shiori ostidagi ikki kunlik aksiyaga start berildi.

Mazkur aksiya doirasida bugunning oʻzida 56 ta lokatsiyada notariuslar tomonidan aholiga bepul maslahatlar berildi.

Xususan, Navoiy viloyatida aksiya Navoiy shahridagi Ilm-maʼrifat bogʻida koʻtarinki kayfiyatda tashkil etilib, notariuslar va fuqarolarning uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.  

Tadbirda Notarial palataning Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi hamda “Yuksalish” UMH viloyat boʻlinmasi rahbar va masʼul xodimlari, Navoiy shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar ishtirok etishib, fuqarolarga meros masalalari, nikoh shartnomasi, er va xotinning umumiy mulki, turar joylarni xususiylashtirish va undan foydalanish, voyaga yetmaganlarning haq-huquqlari, aliment undirish, aliment toʻlash haqida kelishuvni notarial tasdiqlash kabi masalalar yuzasidan maslahatlar berishdi.

Bugungi tadbirlarda jami mingdan ziyod fuqaro oʻzlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan bepul huquqiy maslahatlar oldilar.

Aksiya tadbirlari ertaga, 23-avgust kuni 6 ta hudud — Toshkent shahri, Jizzax, Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Xorazm viloyatlarida davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida»gi Qonunining Notarial palataga bagʻishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qoʻyilgan.

Oʻtgan 3 yil ichida Oʻzbekiston Notarial palatasi hamda “Notarius maslahati” gazetasi 3 bora Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat Fondining grant tanlovlariga aholiga bepul huquqiy koʻmak koʻrsatish borasidagi loyihalari bilan ishtirok etib, grant gʻolibi boʻldi. Ushbu loyihalar doirasida 7 ta aksiya oʻtkazildi va mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan ushbu aksiyalarda minglab fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер