Maktablarda yangi fan joriy etiladi. Toʻrtta fan tugatiladi
2020-yildan 2022 oʻquv yiliga qadar maktablarda “Odobnoma”, “Vatan tuygʻusi”, “Milliy gʻoya va maʼnaviyat asoslari” va “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish choralari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida koʻrsatib oʻtilgan.
Loyihaga koʻra, “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda 2020-2021 oʻquv yilidan, 10-11-sinflarida 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Maktablarga “Tarbiya” darsini kiritishning ustuvor vazifalari sifatida oʻquvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat ruhida tarbiyalash; oʻquvchilar huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash; farzand tarbiyasida oilaning masʼuliyatini oshirish; yoshlarga “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasi mazmun-mohiyatini chuqur anglatish; oʻquvchilarni jismoniy, ruhiy va maʼnaviy-axloqiy rivojlantirish orqali ijtimoiy hayotga moslashtirish, turli murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilishga oʻrgatish; oʻquvchi yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish; islom dini koʻp asrlar davomida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan maʼnaviy qadriyat ekanligini, bu dinni yot gʻoyalar bilan bir qatorga qoʻyib boʻlmasligini tushuntirish; tarbiya ishida ijtimoiy fuqarolik institutlari ishtirokini kengaytirish kabi omillar koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda “Tarbiya” fani boʻyicha umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini va oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, 2020-2021 oʻquv yili uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1-9-sinflari uchun, 2021-2022 oʻquv yili uchun 10-11-sinflariga moʻljallangan “Tarbiya” fani darsliklari, multimedia ilovalari va oʻquv-metodik majmualarga buyurtmalar shakllantiriladi.
Maʼlumotga koʻra, 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab “Tarbiya” fani joriy etilishi munosabati bilan foydalanish muddati tugamagan darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlarning qoplanishini inobatga olgan holda, darslik toʻplamlarining ijara toʻlovi miqdorlarini qayta koʻrib chiqiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring