Maktablarda davlat imtihonlarini oʻtkazish muddati maʼlum boʻldi
Imtihonlar karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkaziladi, deya maʼlum qilmoqda Xalq taʼlim vazirligi.
Jumladan, imtihonlar oʻtkazilishidan oldin taʼlim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, oʻquvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati oʻlchalanadi va oraliq masofani saqlashlari taʼminlanadi.
Agar maktab karantinga yopilgan boʻlsa imtihon karantin muddati tugaganidan soʻng, imtihonlar karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkaziladi.
Imtihonlar ogʻzaki, yozma hamda test sinovlari shaklida oʻtkaziladi quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:
26-maydan 2-iyunga qadar — 5,6,7,8 va 10-sinf oʻquvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari;
26-maydan 15-iyunga qadar — 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari oʻtkaziladi.
Imtihon savollari va materiallari Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy telegram kanaliga joylashtirilgan.
Imtihondan oʻta olmagan oʻquvchilarga amaldagi Nizomga koʻra, imtihondan ikki hafta oʻtgach qayta yakuniy attestatsiyadan oʻtish huquqi beriladi.
Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari talablarini bajarmay, “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta oʻqishga qoldiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring