Maktab oshxonalari toʻliq sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilib ishlashiga ishonchimiz komil emas
Ayni shu kunlarda ota-onalarni bir xavotir qamrab olgan. Yaʼni maktablar ochiladimi yoki masofaviy tarzda darslar davom ettiriladimi? Ota-onalarning bu xavotiri oʻrinli. Chunki hozirgi murakkab vaziyat — pandemiya sharoitida ular, eng avvalo, farzandlarining sihat-salomatligi uchun qaygʻuradi.
Ochigʻini aytish kerak, karantin vaqtida Online darslar va mashgʻulotlarning tashkil qilinishi taʼlimda yangi imkoniyatlarni belgilab bergan boʻlsa-da, farzandlarimiz ijtimoiy hayotdan ancha uzoqlashib qolishdi. Bu esa, albatta, ularning ruhiyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.
Yaqinda davlat maktab hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilishi yuzasidan sanitariya-meʼyor qoidalari ishlab chiqilayotganligi, maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga umummajburiy hisoblangan sanitariya-meʼyor qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda ruxsat berilishi toʻgʻrisida maʼlum qilindi. Bu ijobiy xabar albatta. Biroq pandemiya davrida maktablar oʻz faoliyatini oʻta masʼullik bilan davom ettirishi talab etiladi. Bu boʻyicha oʻz takliflarimni bildirmoqchiman.
Avvalo, dars va mashgʻulotlarni iloji boricha ochiq havoda tashkil qilish, oʻquv xonalarining derazalari havo harorati iliq kunlarda doimiy ochiq holda boʻlishi, havo sovuq kunlarda har 15 daqiqada almashtirib turish majburiyligi, boshlangʻich va yuqori sinf oʻquvchilari uchun haftaning boshqa-boshqa kunlarida maktablarga kelishini taʼminlash, yaʼni boshlangʻich sinf oʻquvchilari haftaning dushanba, chorshanba, juma kunlari oʻqitilishi, yuqori sinf oʻquvchilari uchun haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlarida oʻquv jarayonlari tashkil qilinishini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Bunda boshlangʻich va yuqori sinflarni bir-biri bilan aloqa oʻrnatish va kasallik yuqish holatlarining oldini olish imkoniyatiga ega boʻlish va xona tanqisligiga barham berish mumkin boʻladi. Shundagina bir sinfda 15 nafardan ortiq boʻlmagan oʻquvchilarni oʻqitish, bir partada 1 nafar oʻquvchi oʻtirish imkonini beradi. Bir kunda 3 soatdan ortiq boʻlmagan (asosan asosiy fanlar oʻrin olsa) dars jadvallarini tashkil qilish zarur, 4, 5 va undan ortiq boʻlgan dars soatlari oʻquvchilarni ozgina boʻlsa-da, jismoniy charchatib qoʻyishi mumkin.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, jismoniy charchagan oʻquvchilar virusni tez yuqtirish ehtimolini oshiradi. Tanaffuslar vaqtini 5 daqiqaga koʻpaytirish va maktab oshxonalari faoliyatiga ruxsat bermaslik lozim. Sababi, qanchalik qattiq talab qoʻyilmasin, hozirgi kunda ularni toʻliq sanitariya gigiyena qoidalariga amal qilib ishlashiga ishonchimiz komil emas. Tanaffusda oʻquvchilar maktab oshxonasida koʻp toʻplanib qolishi ehtimoli juda yuqori. Har bir tanaffusda oʻqituvchi boshchiligida toza havoga chiqib, nafas mashqlari bajarish va majburiy qoʻllarni tozalab sovunlab yuvishni tashkil qilish katta ahamiyatga ega. Farzandlarimizning oʻquv qurollaridan foydalanishlarida oʻqituvchi boshchiligida spirtli antiseptik vositalar bilan zararsizlantirib turish majburiyligini tashkil qilish (ayniqsa, boshlangʻich sinflarda) lozim.
Maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilishi ota-onalarimizdan ham katta masʼuliyat talab qiladi. Farzandlarimizning toza va ozoda yurishlarini uqtirish, doimo tibbiy niqoblar taqqan, masofa saqlagan holda maktabga borish va uyga qaytish javobgarligini oʻz zimmalariga olishlari, buning uchun, avvalo, oʻzlari shaxsiy namuna boʻlishlari ayni muddao.
Bu arzimagandek tuyulishi mumkin. Biroq eʼtiborsizlik, karantin vaqtida amal qilish lozim boʻlgan oddiy qoidalarni mensimaslik xonadonimizga virus kerib kelishini va yaqinlarimiz, ayniqsa, yoshi ulugʻ insonlarimiz uchun katta xavf tugʻdirishi mumkin. Qanchalik ogʻir boʻlmasin, farzandlarimiz salomatligi va xavfsizligi uchun har birimiz masʼuliyatimizni oshirib, taʼlim jarayonlarining davom ettirilishiga oʻz koʻmagimizni berishimiz lozim.
Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring