Maktab oʻquvchisi pichoqlagan profilaktika inspektorining ahvoli haqida maʼlumot berildi
Foto: IIV
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida 9-sinf oʻquvchisi tomonidan pichoqlangan profilaktika inspektorining hozirgi holati haqida maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, kecha, 18-fevral kuni Qoʻqon shahri “Sadoqat” mahallasida yashovchi 38 yoshli fuqaro A.Sh. (ona) mahalla profilaktika inspektori katta leytenant Jahongir Mahmudovga qoʻngʻiroq qilib, 16 yoshli oʻgʻili Oʻ.Oʻ.ning xulqida jiddiy oʻzgarishlar kuzatilib, uyida oila aʼzolari bilan janjallashayotgani hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.
Profilaktika inspektori holatni oʻrganish maqsadida manzilga yetib borib, A.Sh. bilan farzandining xulq-atvori haqida xizmat xonasida malakali inspektor-psixologni jalb etgan holda profilaktik suhbat oʻtkazish zaruratini tushuntirgan. Shu vaqtda oʻrta maktabning 9-sinfida oʻquvchi Oʻ.Oʻ. J.Mahmudovning chalgʻib turganligidan foydalanib, uning orqa tarafidan yaqinlashgan va qoʻlidagi oshxona pichogʻini xodimning chap orqa beliga sanchib olgan.
“Ogʻir jarohat olganiga qaramasdan, profilaktika inspektori zudlik bilan fuqaro Oʻ.Oʻ.ni jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.
Ichki ishlar organlarining voqea joyiga yetib kelgan yordamchi kuchlari tomonidan xonadonda yashovchi fuqarolarning xavfsizligi toʻliq taʼminlanganidan soʻng, profilaktika inspektori Jahongir Mahmudov shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan”, deyiladi IIV rasmiy axborotida.
Birlamchi tekshiruvga koʻra, xodimga “Koʻkrak qafasi chap orqa tomoni plevra boʻshligʻiga teshib oʻtgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qoʻyilib, shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring