Maxsus iqtisodiy zona qancha muddatga tashkil etiladi?
Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga yoʻnaltirilgan mazkur Qonunda investor, investitsiya loyihasi, maxsus iqtisodiy zona, maxsus huquqiy rejim, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestri, maxsus iqtisodiy zonaning bosh rejasi kabi tayanch tushunchalar joriy etilgan.
Vazirlar Mahkamasi va ushbu sohadagi vakolatli davlat organi maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishi va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilangan.
Qonunga muvofiq, maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish quyidagilarni oʻz ichiga olgan dasturga muvofiq amalga oshiriladi:
* ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratishni;
* muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini taʼminlashni;
* bozor infratuzilmasini yaratishni;
* maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat boʻyicha va sohaviy ixtisoslashuviga muvofiq chet el investitsiyalarini hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari kompleksini.
Qonunda belgilanganidek, maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturini moliyaviy taʼminlash zonaning oʻz resurslari, xususiy manbalar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining, xalqaro moliya institutlari va chet el hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar boʻsh turgan va faoliyat koʻrsatmayotgan davlat mulki obyektlari, maʼmuriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda tashkil etilishi ham nazarda tutilmoqda.
Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:
* erkin iqtisodiy zonalar;
* maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
* turistik-rekreatsion zonalar;
* erkin savdo zonalari;
* maxsus sanoat zonalari.
Shuningdek, Qonunda maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir umumiy talablar, shuningdek maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar, maxsus ilmiy-texnologik zona, turistik-rekreatsion zona belgilangan.
Maxsus iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 30 yil muddatga tashkil etilishi ham Qonunda aks ettirilgan. Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qonunda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining huquqiy maqomi, maxsus bojxona rejimi ham belgilangan. Shuningdek, investorlar amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanishi ham mumkinligi belgilab qoʻyilgan.
Davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida tashabbus bilan taklif kiritishi mumkin.
Erkin Gadoyev,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring