Mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi
Keyingi yillarda zargarlik san’ati an’analarini qayta tiklash, mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan ko‘plab ishlar qilinmoqda.
Shu bilan bir qatorda, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, xom ashyo xaridi, ishlab chiqarilgan mahsulot savdosining katta qismi yashirin tarzda amalga oshirilayotgani ham sir emas.
Joriy yil 14-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazkur yo‘nalishdagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu loyiha zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xom ashyoga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ma’lumki, hozirgi kunda mahalliy zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar ichki iste’mol bozorini qondirish bilan birgalikda xorijiy bozorlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Buning uchun zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishda qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
Biroq qimmatbaho toshlar zaxiralari mamlakatimizda mavjud emasligi hamda ularning asosiy qismi chet eldan import qilinishi hisobiga mahsulot tannarxining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni nazarda tutilgan.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xomashyo bilan ta’minlashga, zargarlik buyumlari tannarxining pasayishiga hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Ayni paytda Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan ushbu qonun loyihasini quyi palata majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qonseptual jihatdan ko‘rib chiqilishi uchun tayyorlanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring