Mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligi oshadi

17:57 08 Fevral 2024 Jamiyat
540 0

Prezidentimizning 2024-yil 2-fevralda ”Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, unga koʻra mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalari kengaytirilib, oʻndan ortiq qoʻshimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash hamda uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyatida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy vakillik organlari deputatlari, soha mutaxassislari, ekspertlar va jamoat faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mazkur Farmon bilan Oʻzbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model — “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilanib, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda hududlarda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida taʼlim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hudud infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga oʻtkazilayotganligi batafsil tushuntirildi.

— Endilikda yillar davomida mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirilib, mahalliy Kengashlarning ish yuklamasining sunʼiy ravishda oshishi holatlariga barham beriladi, — deydi Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Jamoliddin Hamroyev. — Natijada mahalliy Kengashlar faoliyatining ish samaradorligi oshishi, hududdagi davlat organlari va tashkilotlarining masʼuliyati ortib, vakillik organlarining chinakam “xalq ovozi”ga aylanishi taʼminlanadi.

Davra suhbatida Kengashlar oʻz faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi kafolatlanishi taʼkidlanib, mazkur islohotlar shubhasiz, saylovchilar va tegishli hudud manfaatini koʻzlagan holda amalga oshirishiga asos boʻlishi eʼtirof etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер