Mahalliy davlat boshqaruvi tizimi yanada takomillashtirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMT TD)ning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «BMT TD 3 ta pilot tumanlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida jamoatchilik-maslahat kengashlarini tuzish va salohiyatini oshirish» grant loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining bevosita koʻmagi yordamida Kosonsoy tumanida 2021-yil noyabr oyida tuman hokimiyati va Xalq deputatlari Kengashi huzurida jamoatchilik-maslahat kengashlari tuzilgan edi.
Mazkur jamoatchilik tuzilmalari tomonidan oʻtgan davr mobaynida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirildi. Eng muhimi, ular mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholi, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlashda oʻziga xos “koʻprik” vazifasini bajarmoqda.
Bu borada jamoatchilik-maslahat kengashining bir qator tadbirlarini misol qilib keltirish mumkin. Jumladan, JMK tashabbusi bilan taʼlim muassasalarida maishiy chiqindilar bilan bogʻliq muammolar oʻrganib chiqilib, Xalq deputatlari tuman kengashining doimiy komissiyasida xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, tuman sogʻliqni saqlash va moliya boʻlimlarining axborotlari eshitildi. Natijada, masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4845-sonli qarori ijrosini tumanda taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan holda, tumandagi taʼlim muassasalarining chiqindi konteynerlari bilan taʼminlanishiga erishildi.
Kosonsoy tuman «Gurmiron» mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqarolarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar «Tashabbusli byudjet» portali orqali koʻp ovoz toʻplanishiga va aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishiga xizmat qildi.
“Bahoriston” mahalla fuqarolar yigʻinidagi fuqarolar tomonidan «Tashabbusli byudjet» portali orqali koʻp ovoz toʻplangan, lekin yakuniga yetmagan loyiha yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganib chiqilib, uni yakuniga yetkazish borasida amaliy choralar koʻrildi.
Tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash, mahalliy davolash-profilaktika hamda hududning “Tibbiy xaritasi” shakllantirilishi, shu asosda aholiga zarur va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Jumladan, Kosonsoy tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada Gemodializ boʻlimi ochilib, 2 ta vrach, 2 shifokor va texnik xodim bilan taʼminlanib, bu yoʻnalishda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, “Sadacha” MFY toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda. Xususan, joriy yilning noyabr oyida ichimlik suvi muammosi, tarmoqdagi nosozliklar boʻyicha jamoatchilik-maslahat kengashi aʼzolari tomonidan aholining murojaatlari oʻrganilib, mutasaddi tashkilotlar koʻmagi bilan muammoni hal qilish boʻyicha saʼy-harakatlar olib borildi. Natijada suv tarmogʻi tortish va quvurlarni yangilash ishlari ketmoqda.
Bundan tashqari, tuman bandlikka koʻmaklashish markazi boshligʻining yangi ish oʻrinlari yaratish borasida amalga oshirayotgan ishlari toʻgʻrisidagi axboroti eshitilib, bu boradagi muhokamalar va amaliy ishlar samarasida 103 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.
“Goʻrmiron” mahallasida jamoatchilik fikri asosida ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi boʻyicha olib borilayotgan ishlar nazorat qilindi. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida mahallaning “Toshloq”, “Sakkiz qoʻrgʻon”, «Kasrati», “Togʻay” koʻchalarining 3,8 km. qismiga ichimlik suvi tarmogʻi tortish ishlari olib borilmoqda. 2023-yilning fevral oyida obyekt foydalanishga topshiriladi.
Tumandagi tekstil korxonasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy koʻmak berildi.
Jamoatchilik-maslahat kengashi tomonidan ularga berilgan vakolatlar doirasida boshqa funksiyalarni ham bajarishga eʼtibor qaratmoqda. Chunonchi joriy yilda:
davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;
tuman aholisining manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan hokimiyat va xalq deputatlari Kengashi faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish, jumladan, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;
tuman hokimiyati va xalq deputatlari Kengashi faoliyatining yanada ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati toʻgʻrisida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tuman hokimiyati va xalq deputatlari Kengashi faoliyatini yanada demokratlashtirishda tuman faollarining ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni yaratish, mazkur sharoitlarni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tuman hokimiyati va xalq deputatlari Kengashi faoliyati boʻyicha fuqarolar oʻrtasida oʻtkaziladigan tushuntirish ishlari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari xodimlari va ularning oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam koʻrsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan boʻshatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish boʻyicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari boʻyicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yuqorida sanab oʻtilgan chora-tadbirlar Kosonsoy tumanida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yanada demokratlashtirishga, mahalliy hokimiyat va keng aholi oʻrtasida doimiy va samarali muloqot tizimini joriy qilishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
A.Akilov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor.
D.Valiyeva,
Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashi deputati,
Xalq deputatlari Kengashi kotibiyati mudiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring