Mahallada “Yangi hayotga qadamlar” loyihasi amalga oshirilmoqda

19:19 08 Avgust 2023 Jamiyat
658 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Asli kasbi pedagog bo‘lgan Sevara Rustamova Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Langarbobo” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchisi vazifasida mehnat qiladi.

U qisqa vaqt ichida aholining mazkur qatlam bilan ishlash bo‘yicha dastlabki tajribalarni shakllantirishga ulgurdi. Bunga balog‘at davridagi, shuningdek, turmushning boshqa bosqichida qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgan yigit-qizlarni me'yoriy holatga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni misol qilib keltirish mumkin. Yaqinda ushbu yo‘nalishda navbatdagi “Yangi hayotga qadamlar” deb nomlangan psixologik loyiha amalda tatbiq etila boshlandi.

— Mahallamiz ahlining 701 nafari 14-30 yoshdagilardan iborat,— deydi S. Rustamova.—Yuzma-yuz suhbatlar, xonadonbay o‘rganishlar chog‘ida ularning ayrimlari o‘ziga mos ish topish, oilaviy munosabatlar, mustaqil hayotga qadam qo‘yish masalasida ma'naviy ko‘makka muhtoj ekanliklari ko‘zga tashlandi. “Yangi hayot qadamlari” orqali shunday yoshlarga amaliy ko‘mak berishni maqsad qilganmiz. Bu borada menga mahalladoshimiz – O‘zbekiston milliy universiteti o‘qituvchisi Nodirbek Alimirzaev beg‘araz yordam beryapti.

Bepul tashkil etilayotgan yakka tartibdagi suhbat va trening shaklidagi mashg‘ulotlar natijasida jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga ehtiyojmand, alohida e'tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘lgan yuzdan ortiq langarbobolik yoshlar yangi loyiha tufayli og‘ir vaziyatdan chiqib, hayotda o‘zgarish yasashga muvaffaq bo‘ldilar. Ular orasida “Mahalladan-vazirlikkacha” tamoyili asosida “qizil toifa”ga kiritilgan 30 nafar yigit-qiz ham bor.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер