“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining 10.06.2020-yildagi 367-son qarori bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.
Prezidentning 18.02.2020-yildagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5938-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla ziyosi” oʻquv-uslubiy markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Institutning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:
jamiyatda “obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni toʻlaqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;
fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;
mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;
mahallalar va oilalarda sogʻlom va barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlash, umuminsoniy va milliy, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bagʻishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yigʻilishlar tashkil etish, shuningdek ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;
institut faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish.
Hujjat bilan “Mahalla va oila” instituti tuzilmasi va uning ustavi tasdiqlandi.
Davlat byudjeti mablagʻlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari va boshqalar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.06.2020-yildan kuchga kirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring