Madaminbekni kim oʻldirdi?
Foto: “Xalq soʻzi”
Markaziy Osiyo xalqlari haqida gap ketganda koʻplab fazilatlarimiz qatorida soddaligimiz ham tilga olinadi, albatta. Ammo har doim ham soddalik fazilat boʻla olmas ekan. Oʻris bosqinchilariga qarshi kurash olib borgan Madaminbek qoʻrboshi hayoti, yanayam aniqrogʻi, achchiq qismati va oʻlimi bunga yorqin dalildir.
Madaminbek, Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari iborasi bilan aytganda: “Qoʻrboshilar ichida bir oz boʻlsa ham zamonasiga tushungan, xalq oldida hurmati bor” milliy ozodlik harakati vakillaridan biri edi. Agar uning soddalik, goʻllik qilib bosqinchi hiylasiga laqqa tushganligini hisobga olsak, boshqa qoʻrboshilar qanchalik dunyoqarashga ega boʻlganligini tasavvur etish qiyin emas.
Xullas, bosqinchilar Madaminbekning kuchayib borayotganidan qattiq tashvishga tushadi va uni oʻrtadan koʻtarish uchun makr-hiyla tuzogʻini quradi. Avvaliga ular oʻzlarini Madaminbek tomonidan ilgari surilgan 4 shartdan iborat bitimni qabul qilgandek koʻrsatishadi hamda buni rasmiylashtirib qoʻyish uchun bekni Toshkentga taklif etishadi.
Shartlar quyidagilardan iborat edi:
Birinchi shart — Fargʻona muxtoriyatini tasdiqlash.
Ikkinchi shart — Sharoitga qarab oʻn mingdan qirq minggacha Madaminbek qoʻl ostida milliy askar saqlash va bularning qurol-yaroqlarini markaziy hukumat tomonidan taʼminlash.
Uchinchi shart — Oʻquv-oʻqituv ishlari yerlik hukumat ixtiyorida boʻlib, oʻz ona tillarida yurgazish.
Toʻrtinchi shart — Musulmonlarning diniy va oʻzaro ichki ishlari butunlay oʻz qoʻllarida boʻlish va shariat buyrugʻicha amalga oshirish.
Bosqinchilardan taklif olgan Madaminbek bir nechta sodiq odamlari bilan Toshkentga yetib keladi. Ajablanarlisi shundaki, uni odatda chet davlatlar podsholariga qilinadigan ortiqcha dabdaba va asasa bilan kutib olishadi. Koʻcha va yoʻllar oʻzgacha bezatilgan, uning sharafiga turli tadbir va bazmlar ham oʻtkaziladi.
Nihoyat, kutilgan kun yetib keldi, haligi bitim imzolandi. Biroq, ming taassuf boʻlsinki, sodda oʻzbek bolalari bunday bitimlar nufuzli xalqaro tashkilot shafeʼligida tuzilishi kerakligini, hatto, xayoliga ham keltirgan emas. Shu boisdan ozodlikka chiqqan qullardek behad shodlanishadi.
Makr toʻrini toʻqish hadisini olgan bosqinchi generali Madaminbekni kuzatayatib: “Bizning sizlarga boʻlgan munosabatimizni koʻrdingiz, sizga hech bir yomonligimiz yoʻq. Shuning uchun vodiyga borganingizda butun vodiyni boshiga koʻtarib, toʻstoʻpalon qilib yurgan barcha qoʻrboshilarga buni yetkazing. Vaqti-soati bilan ularni ham bu yerga chaqiramiz”, deyishni ham unutmaydi.
Madaminbek esa: “Boʻldi, yaqinda qoʻrboshilar ishtirokida kengashimiz bor, hammasiga yetkazaman”, — deydi soddalik bilan.
Quvonchdan koʻzlari porlab turgan bek soxta bitim hujjatini bagʻriga bosgancha vodiyga qaytar ekan, bosqinchi hamon hiyla toʻrini toʻqishda davom etayotgandi. Ular oʻzimizdan chiqqan malaylari orqali qolgan qoʻrboshilarga “Mana, siz ishongan Madaminbek kofirga sotilib, oʻz foydasi uchun sizni tutib bermoqchi boʻldi. Bu ishni bajarish vazifasi unga topshirilgan. Yaqin orada kelib qolsa, shunga qarab chora koʻrish kerak” qabilidagi fitnali gap-soʻzni yetkazadi.
Keyin nima boʻlgani maʼlum. Gʻazab otiga mingan qoʻrboshilar hurmat-izzatni ham yigʻishtirib qoʻyib “Sen bizni kofirga sotdingmi?!”, deb Madaminbekni oʻldirishadi. Bu ishni kim bajargani haqida turli fikrlar yuradi. Ammo endi buning ahamiyati yoʻq, uni Ergash oʻldirdimi, Shermat oʻldirdimi yoki boshqasimi — endi buning necha pullik qiymati bor. Uni oʻzimiznikilar oʻldirdi, tamom, vassalom!
... Aslida bu qotlikning ildizi bundan-da chuqur. Uni ittifoqsizlik, goʻllik, soddalik va ishonuvchanlik, agar bitta soʻzda jamlab aytadigan boʻlsak, johillik oʻldirdi.
Johillik bugun kunda ham nafaqat Vatan tashqarida, balki ichkarisida ham unda-bunda boʻy koʻrsatayotgan ekan, bu balodan yurtimiz, xonadonimiz, farzandlarimiz, ongu-shuurimiz va qalblarimizni himoya qilmogʻimiz talab etiladi. Dono tarix bizga shuni oʻqtirmoqda...
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring