Kuniga ikki funjon qahva isteʼmoli yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 15 foizga kamaytiradi
Foto: Depositphotos
Kuniga ikki-uch funjon qahva ichish yurak xastaliklari xavfini kamaytiradi va insonlarning umrini uzaytiradi. Avstraliyalik olimlar 10 yil davomida yurak qon-tomir kasalliklariga chalinmagan 50 yoshdan oshgan qariyb 400 ming kishi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma maʼlumotlarini tahlil qilib, ana shunday xulosani ilgari soʻrishmoqda.
"Daily Mail"ning yozishicha, tadqiqotning toʻliq natijalari Vashingtondagi Amerika Kardiologiya kollejining yillik ilmiy yigʻilishida taqdim etiladi.
Har kuni ikki yoki uch funjon qahva ichgan odamlarda (bu oʻrtacha britaniyalik va amerikaliklar tomonidan odatiy har kunlik miqdor) yurak-qon tomir kasalliklari, yurak yetishmovchiligi, yurak urishining buzilishi yoki oʻlim xavfi 10-15 foizga kamayadi. Ushbu taʼsir soʻrov ishtirokchilari eriydigan yoki maydalangan qahva ichishidan qatʼi nazar, saqlanib qolgan. Ammo kofeinsiz qahvaning foydali jihati haqida bunday maʼlumot yoʻq.
Tadqiqotchilar, shuningdek, yurak xastaligining bir turi boʻlgan odamlarni tanlab olishdi. Ularga kuniga ikki-uch funjon qahva ichish tavsiya etildi. Yakunda bu toifada ham umuman qahva ichmaydiganlarga qaraganda oʻlim ehtimolini sezilarli darajada kamaygani maʼlum boʻldi.
Taʼkidlanishicha, shifokorlar odatda bunday odamlarga qahva ichishni maslahat bermaydilar. Chunki u yurak muammolarini kuchaytirishi mumkin boʻlgan kuchli tabiiy ogohlantiruvchi hisoblanadi.
"Bizning maʼlumotlarimiz shuni koʻrsatadiki, kundalik qahva isteʼmoli bunday tashvish tugʻdirmasligi kerak va haqiqatan ham sogʻlom odamlar, ham yurak muammolari boʻlganlar ratsioniga kiritilishi kerak", deydi Melburndagi Avstraliya Beyker yurak instituti mutaxassisi professor Piter Kistler.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring