Kuniga 50 ta bayonnoma yozishi aytilgan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi
Ijtimoiy tarmoqda “Kuniga 50 ta bayonnoma yozadigan GAI” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Holat yuzasidan YHXBB izoh berdi.
Qayd etilishicha, 2021-yil 16-iyun kuni ijtimoiy tarmoqda “Kuniga 50 ta bayonnoma yozadigan GAI” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
Video lavha oʻrganilganda, 2021-yil 14-iyun kuni Toshkent viloyati, Angren shahar IIB YHXB YPX xodimi Sh.S. Angren shahar, Ibn Sino koʻchasida Lada Largus rusumli avtomobil haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmagani bois toʻxtatgan va unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Video lavhada haydovchining talabiga koʻra, YPX xodimi tomonidan koʻrsatilgan dislokatsiya koʻchirmasining muddati 2020-yil qilib belgilangani aytilgan.
Shuningdek, haydovchi telefonda muloqot qilgan boʻlim boshligʻi S.A. YPX xodimi xavfsizlik kamari boʻyicha kuniga 50 ta bayonnoma yozishi kerakligini taʼkidlagan.
Mazkur holatlar yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB masʼullari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring