Kuniga 23 gramm qoʻshimcha yogʻ isteʼmoli yiliga 8 kilogramm ortiqcha vazn toʻplashga sabab boʻladi — mutaxassis

17:37 09 Fevral 2023 Jamiyat
1097 0

JSST maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 30 yilda dunyoda semiz odamlar soni uch baravar koʻpaygan. Eng yomoni, 2030-yilga borib Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Xoʻsh, bu holatning oldini olish uchun mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi?

Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Azizbek Nizamovning aytishicha, semizlik tana vazni belgilangan meʼyorga nisbatan 20 foiz va undan koʻproq ortishi bilan namoyon boʻladi. Bu, eng avvalo, notoʻgʻri ovqatlanish, yaʼni yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, shakarli va spirtli ichimliklarni ortiqcha isteʼmol qilish, uyqu buzilishi va kam harakatlilik oqibatida yuzaga keladi.

Ovqat qancha yogʻli boʻlsa, unda shuncha koʻp kaloriya mavjudligini yodda tutish lozim. Odatda 1 gramm yogʻ 9 kkalga, 1 gramm oqsil yoki uglevodlar esa 4 kkalga teng.

Kuniga atigi 23 gramm qoʻshimcha yogʻ isteʼmol qilgan odam, yiliga 8 kilogramm ortiqcha vazn toʻplashi mumkin. Agar taomda 10-15 foiz oqsil va 30-35 foiz yogʻ boʻlsa, ratsion muvozanatli hisoblanadi. Uglevodlar esa 50-75 foizni tashkil etishi kerak.

Shakar, non va shirinliklardan 10 foizdan koʻp energiya olmaslik kerak. Qolgan quvvatni meva, sabzavot va don mahsulotlari yordamida toʻldirish mumkin.

Semizlikdan xalos boʻlish uchun koʻproq jismoniy harakat va parhez zarur. Har ikkisi uygʻunlikda olib borilsa, natija yanada yaxshiroq boʻladi. Biroq yoʻqotilgan vazn notoʻgʻri ovqatlanish tufayli qisqa muddatda ikki barobar koʻproq qayta yigʻilishiga olib keladi.

Shu sababli ozish asta-sekinlik bilan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Hozir semizlikni dori-darmonlar bilan davolash ommalashmoqda. Ammo oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, bu noxush asoratlarni keltirib chiqarishi bilan birga, samarasiz amaliyot hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, semizlik bevaqt oʻlim xavfini uch marta oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер