Kuchli iroda, birlik va hamjihatlik – faoliyatimiz bosh mezoni
Bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlarga boyligi bilan tarixga kirdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlislarida Prezidentimiz maʼruza qildi.
Mustaqil diyorimiz ertasiga daxldor masalalar koʻtarilgan, istiqboldagi rejalar uchun muhim tashabbuslar muhokama qilingan Davlatimiz rahbarining nutqlari Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi murojaatnoma boʻldi, deyish mumkin.
Prezident qonun ijodkorligi, avvalo, jamiyatdagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilishi kerakligini taʼkidlab, qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy turar joylar qurish, fuqarolarning uy-joy qurilishiga yoʻnaltirgan mablagʻlarini kafolatli himoya qilish, xususiy taʼlim va elektr energetikasi sohasida investorlarni qoʻllab-quvvatlash, majburiy tibbiy sugʻurta va sunʼiy intellektni qoʻllash, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish vazifasi qoʻyildi.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Qozixonova shu kunlarda Fargʻonada boʻlib, Prezidentimiz ilgari surilgan gʻoya va maqsadlarni keng jamoatchilikka yetkazmoqda.
— Yurtboshimiz maʼruzalarida deputat bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insonligi taʼkidlandi, — deydi Senator Orzigul Qozixonova. — Darhaqiqat, oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda Oʻzbekiston manfaatlarini qatʼiy himoya qilishda xalqimiz deputatlarga tayanadi. Ular joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozi. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib boʻlishimiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni koʻz oldiga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham oʻylab ish tutsak, elimiz rozi boʻladi. Maʼruzalaridagi bu soʻzlar deputat va senatorlarni xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Xalqimizning oʻz vakillariga ishonchini va qoʻllab-quvvatlashini taʼminladi.
Davra suhbatida yurtdoshlarimiz hayotbaxsh yangilanishlardan mamnun ekanligini, islohotlar zamirida insonlarni rozi qilishdek ulkan vazifa turganini taʼkidladi.
Shohsulton Toʻxtamatov,
jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring