Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

11:37 01 Aprel 2023 Siyosat
483 0

Joriy yilning 28-mart kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov Latviyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor Elchisi R.Troksha, Riga yuridik oliy maktabining korrupsiyaga qarshi siyosat va boshqaruv boʻyicha lektori, Latviya Seymi (parlamenti) sobiq deputati I.Voyka, “Delna” (“Transrarensu International” tashkilotining Latviyadagi boʻlimi) uyushmasi loyihalar menejeri A.Birule bilan uchrashdi.

Mehmonlar Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqish, takomillashtirish hamda qonun loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida xabardor qilindi.

Muloqot chogʻida keyingi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 90 ga yaqin, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “komplayens nazorat” tizimi joriy etilganligi, “Yoʻl xaritalari” va dasturlar doirasida bir qator ijobiy yutuqlarga erishilayotganligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri boʻlgan Latviya bilan keng koʻlamli muloqotni rivojlantirish masalasiga katta ahamiyat berishi taʼkidlab oʻtildi. Ayniqsa, mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlab, ikki tomonlama hamkorlik salmoqli natijalarga erishayotganligi eʼtirof etildi.

Xorij delegatsiyasi tomonidan soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuqori baholandi.

Uchrashuv yakuni boʻyicha oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер