Korrupsiyadan xoli jamiyat qurish yoʻlida

22:14 23 Dekabr 2023 Jamiyat
952 0

Qadimdan hokimiyat va korrupsiya oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlib kelgan. Insoniyat tarixida davlatchilik taraqqiyoti bilan parallel ravishda korrupsiya ham rivojlanib boravergan. Hatto buyuk Rim saltanatining inqirozga yuz tutishi sabablaridan biri ham aynan shu qusur sabab boʻlgan. “Korrupsiya” soʻzi lotin tilidan olingan boʻlib (corrumpere), “yemirilish”, “buzish” maʼnosini beradi.

Globalizatsiya, oʻzaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi natijasida korrupsiya ham xalqaro miqyosga chiqdi, transchegaraviy taʼsir oʻtkazish darajasiga yetdi hamda eng ommaviy va xavfli hodisalardan biriga aylandi. Transparency International bergan taʼrifga koʻra korrupsiya — bu ishonib topshirilgan hokimiyatni shaxsiy manfaatlarda suiisteʼmol qilish demakdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa uni “hech bir mamlakatni chetlab oʻtmaydigan murakkab ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy hodisa”, deya talqin etadi.

Korrupsiya mamlakatdagi iqtisodiy holatni zaiflashtiradi, davlat investitsiyalar samarasini, infratuzilma quvvatini pasaytiradi, soliqlardan olinadigan daromadlar kamaytiradi, bu esa, oʻz navbatida, hukumatga davlat taraqqiyoti maqsadlariga ajratiladigan xarajatlarni toʻliq moliyalashtirish imkoniyatini bermaydi. Ushbu illat jamiyatda sud-huquq idoralariga boʻlgan ishonchni soʻndiradi, inson huquqlari poymol boʻlishiga olib keladi, xalqaro darajada esa mamlakat obroʻsiga putur yetkazadi.

Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Sohaga oid mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etilgan. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlash va masʼuliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yoʻlga qoʻyildi. Davlat xaridlari toʻliq raqamlashtirildi.

Oʻzbekiston 2021-yilda Xalqaro Ochiq maʼlumotlar xartiyasiga aʼzo boʻldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa koʻplab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. Gʻarbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmogʻining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda. Har yili Toshkentda anʼanaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi oʻtkazib kelinmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pogʻonaga koʻtarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori oʻrinni egallamoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimi aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilgani mamlakatimizda bu borada koʻrilayotgan samarali choralarning eʼtirofi, deyish mumkin.

Tadbirda mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi. Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Qatar Amiri va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga tadbirni Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi. Qatar delegatsiyasi va xalqini 18-dekabr kuni keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan jahondagi eng faol shaxslarning eʼtirof etilishi 2003-yilda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va toʻliq tatbiq etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʻsqinlik qiladigan xatarli tahdid ekanini qayd etdi.

Tahlillarga koʻra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. “Ammo men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida koʻrilayotgan real zararning aniq hajmini toʻliq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman”, dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Bugun Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirayotgani, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgani taʼkidlandi.

“Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-oʻringa koʻtarildik. Ochiq maʼlumotlar manbalari boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 4-oʻrindan joy olgan.

— Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz, — dedi davlatimiz rahbari.

Ularga erishish maqsadida Prezidentimiz qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Eng avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi. Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urgʻu beriladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi va ularda faol qatnashadi. Bu borada oʻtgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi.

Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, oʻzaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligi kuchaytiriladi, bu uning salohiyatini yanada oshiradi. Eng ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari boʻyicha “dastlabki oʻrganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular taʼsirini yanada oshirish uchun Global media forumni oʻtkazish taklifini bildirdi.

Abdumutal Zakurlayev, yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер