Koronavirusning yangi alomati: teriga toshma toshishi

18:00 18 Iyul 2020 Dunyo
26709 0

Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan yangi izlanishlar natijasiga koʻra, koronavirusning yoʻtalish, isitma va hid bilish qobiliyatini yoʻqotish kabi alomatlari qatoriga teriga toshma toshishini ham qoʻshish kerak.

Olimlar oʻz tadqiqotlarida Buyuk Britaniyada yaratilgan “COVID simptomlarini oʻrganish” deb nomlangan mobil ilovadan foydalanishgan boʻlib, bu ilovada odamlar oʻzlaridagi koronavirus alomatlarini yozib borishi mumkin. Ushbu ilova orqali 336 ming kishidan koronavirus simptomlari haqida maʼlumot olingan. Ajablanarlisi shundaki, ularning koʻpchiligida teri toshmalari kuzatilgan.

Unga koʻra, koronavirusni yuqtirib olganlarning 8.8 foizining terisida kasallik alomati sifatida toshmalar ham paydo boʻlgan. Bu esa toshmalar COVID-19 bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

“Koʻplab virusli infeksiyalar odam terisiga taʼsir qilishi mumkin. Shuning uchun koronavirusga chalingan bemorlarning terisida toshmalar paydo boʻlishi gʻayrioddiy hodisa emas. Lekin, odamlar shuni bilishlari muhimki, baʼzi hollarda teridagi toshmalar koronavirusning birinchi yoki yagona alomati boʻlishi mumkin. Shuning uchun siz teringizda yangi toshma paydo boʻlganini koʻrsangiz, buni jiddiy qabul qilishingiz va oʻzingizni izolyatsiyaga olib, imkon boricha tezroq koronavirusga test topshiringiz kerak”, deydi ushbu tadqiqot muallifi dermatolog Veronika Batayle.

“Bu tadqiqotdan olingan maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, odamlar oʻzlarining terisidagi shish, toshma kabi har qanday oʻzgarishlarga jiddiy eʼtibor berishi kerak. Aholining koronavirus bilan bogʻliq boʻlgan toshmalar haqida ertaroq maʼlum qilishi ushbu infeksiyaning aniqlanishi va uning tarqalishini toʻxtatishga yordam berishi mumkin”, deydi Britaniya dermatologlari assotsiasiyasi prezidenti Tanya Bleyker.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер