Koronavirusga chalingan bemor uyda davolanishga mos deb topilsa, nimalarga ahamiyat berish talab etiladi?

12:24 18 Iyul 2020 Jamiyat
4283 0

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Barno Odilova bemor barcha koʻrsatkichlar boʻyicha uyda davolanishga mos deb topilsa, bemor va uning qarindoshlari nimalarga ahamiyat berishi lozimligi yuzasidan tavsiyalar berdi.

Birinchi navbatda bemor alohidalanishi, xonaga kirish va chiqish qatʼiy chegaralanishi kerak.

Ikkinchidan, ajratilgan xona derazalari bor, shamollatish imkoniyati boʻlishi shart. Bu xona kuniga 3-4 mahal shamollatilishi yoki deraza oynasi koʻp vaqt ochiq boʻlishi kerak. Konditsionerlardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur, chunki ular xonadagi havoni quritish bilan birga, notoʻgʻri foydalanilganda shamollashga sabab boʻlishi mumkin.

Uchinchidan, xonada har 2-3 soatda namli tozalash ishlari oʻtkazilishi zarur. Bu bilan bemordan havo tomchi yoʻli bilan ajralgan virusning turli sathlarga oʻtirib qolishi va shu orqali oilaning boshqa aʼzolariga yuqishining oldi olinadi.

Toʻrtinchidan, bemorning shaxsiy buyumlari (idish-tovoq, sochiq, kiyim-kechak) 60 darajadan yuqori haroratdagi suvda alohida yuvilishi va zararsizlantirilishi kerak.

Beshinchidan, havo issiqligini ahamiyatga olgan holda, kuniga 3-5 litrgacha iliq holdagi suyuqlik ichilishi kerak. Bunda sovuq va gazli, shirin ichimliklar qatʼiy man qilinadi. Suyuqliklar asosan mineral suv, iliq choy (limonli, zanjabilli, qoqili choy), kompot, turli dorivor oʻsimliklar damlamasi boʻlishi mumkin. Suyuqlikning koʻp miqdorda berilishi virusning taʼsiridagi zaharlanish — intoksikatsiyani kamaytirish bilan birga, qonning quyilib qolishiga yoʻl bermaydi. Suyuq qon orqali shifobaxsh oʻtlar, oziq-ovqat orqali olingan vitamin va minerallar har bir organga toʻliq yetib boradi.

Oltinchidan, bemor kuniga kamiga 5 mahal ovqatlanishi zarur, bunda soat 11:00 va 16:00 da tolma choy beriladi. Asosan suyuq ovqatlar, kuniga 400 grammdan kam boʻlmagan meva va sabzavotlar, sut mahsulotlari va koʻkatlarni isteʼmol qilishi zarur. Yogʻli, qovurilgan, achchiq, shoʻr va yarim holda tayyor ovqatlar (hot-dog, gamburger, chips va boshqalar), xamir taomlardan vaqtincha voz kechish kerak.

Baxtimizga hozir ayni pishiqchilik mavsumi. Meva va sabzavotlarga alohida ahamiyat qaratish zarur, chunki ular tabiiy vitaminlar manbai hisoblanib, ayniqsa, virus yuqqan davrda tarkibida S vitamini koʻp boʻlgan naʼmatak, olma, limon, arpabodiyon, qizil bulgʻor qalampiri, karam kabi darmon boʻluvchi mahsulotlar hamma uchun muhim.

Shuningdek, bemor oʻrinda uzluksiz yotmasdan, ertalabki badantarbiya va kun boʻyi 10 daqiqadan bir necha marta oson jismoniy mashqlarni bajarishi kerak. Bu mashqlar orqali organizmda qon aylanishi yaxshilanadi va organlar toʻlaqonli ishlashi taʼminlanadi. Bemor bu davrda alkogol va tamaki mahsulotlarning zararli taʼsiri yana ham koʻp boʻlishini unutmasligi kerak.

Eʼtibor qilish kerakki, har bir organizm va kasallik kechishi oʻziga xos va shunga qarab davo uslubi tanlanadi. Shuning uchun shifokor nazorati bejiz olib borilmaydi.

Umumiy tavsiyalarga kelsak — belgilar paydo boʻlganidan keyin, ularning yaqqollik darajasiga koʻra shifokor bemorning nazorat taktikasini oʻzgartiradi. Bunda tana harorati koʻtarilsa (38,5 daraja va undan yuqori holatda) isitma tushiruvchi “Aspirin” va uning muqobillarini, tomoq va boʻgʻimlarda ogʻriqlar, yoʻtal kabi belgilar paydo boʻlganda antibiotik yoki virusga qarshi preparatlarni tavsiya qiladi. Bilib-bilmay dori-darmonlarni qabul qilish bemorlarda kasallikning asoratlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, isitma yoki tomoqdagi ogʻriqni toʻliq davolamay ogʻriqnigina vaqtincha qoldirish hisobiga kasallik yana-da chuqurroq ildiz otishi yoki antibiotiklar qabul qilsak, u virusga taʼsir qilmay, jigar, ichaklar yoki buyrakka nojoʻya taʼsir koʻrsatishi ehtimoli bor.

Shuning uchun har qanday holatda ham shifokor maslahatiga quloq tutish, oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faol boʻlish muhim. Virusning zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida bemor tez-tez qoʻlini sovunlab yuvishi, kuniga imkon qadar 2-marta choʻmilishi zarur.

Shuningdek, koʻrinadigan shilliq qavatlar — ogʻiz va burunni iliq holdagi tuzli eritma bilan kuniga 4-5-marta chayib turish muhim, tomoqni chayishda yod tomizilsa ham boʻladi. Bemorda koronavirus kasalligiga taaluqli hech qanday belgilar kuzatilmasada, oʻzida avvaldan kasalliklari mavjud boʻlsa, bu kasalliklarni davolash zarur, bunda doimiy ichib yurgan dorilarni shifokor tavsiyasiga koʻra qabul qilishda davom etishi kerak.

Kasallik alomati boʻlmasa ham, ambulator sharoitda qoldirilgan bunday bemorlar oila shifokorlari tomondan tizimli nazoratda boʻladi. Yaʼni oila shifokori kuniga 1-2-marta bemor va uning qarindoshlari bilan telefon orqali bogʻlanib, uning holidan xabar oladi. Mazkur holatda bemor oʻzida paydo boʻlgan oddiy belgilardan, garchi ular ahamiyatsiz tuyilsa ham tibbiyot xodimini voqif qilishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер