Koronavirusdan sogʻayib ketgan bemorni davolagan shifokor: “Oʻzbekiston oʻz farzandini tashlab qoʻymaydi”
Bugungi kun qahramonlaridan biri, sogʻayib ketgan bemorni davolagan shifokor Xushnura Saidgaziyeva bilan ham suhbatlashishga muvaffaq boʻldik.
– Shu kasbni tanlaganimga, aynan shu shifoxonada ishlayotganimga 25 yil toʻldi. Har xil davrlar boʻlgan, qiyin kunlarni ham koʻrdik. Ammo koʻksimni toʻldirib ayta olamanki, mana shu oʻtgan kunlarchalik oʻz kasbimdan gʻururlanmaganman, xalqim, davlatim rahbari qoʻllab-quvvatlashini his qilmaganman.
– Bugun 7 nafar bemor sogʻayib chiqqanida koʻnglingizdan nimalar kechdi?
– Biz shifokorlar har qanday holatda bemorga yordam berish boʻyicha Gippokrat qasamini ichganmiz. Mana shu kasallikka qarshi kurash boshlaganimizda Allohga tavakkal qilganimizni yana bir bor his qildim. Yangi kasallik, bemorlar umid bilan tikilib turishibdi. Hammamiz hamjihatlikda bemorlarimizning tushkunlikka tushib qolmasligi uchun harakat qildik va ular ham bizga katta yordam berishdi. Faqat ana shu qoʻlni-qoʻlga berish orqali bugungi muvaffaqiyatga erishdik.
– Taʼminot boʻyicha muammolar sezilmadimi?
– Umuman sezilmadi. Davlatimiz, vazirligimiz har qanday davo vositasini uzluksiz yetkazib berib turdi. Sutkasiga 20 soatlab ishlasak-da, ruhan tetik yurdik, biror kamchilik sezmadik.
– Shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun uyushtirilgan chellenjdan xabar topdingizmi?
– Albatta, bu ham koʻzimizga yosh keltirgan holatlardan biri boʻldi. Bemorlar oldida uzluksiz boʻlib, bu holatni toʻliq kuzata olmadim, lekin eshitishim bilan shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlandim. Oʻzbekiston oʻz farzandini tashlab qoʻymaydi.
– Tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha prezident qarori ham chiqdi...
– Ayni bizda ish qizgʻin paytda bu qaror chiqqanini eshitdik. Yuqorida aytganimday hech qachon oʻz kasbimdan bu qadar gʻururlanmaganman. Albatta, moddiy ragʻbatlantirish ham muhim. Lekin eng muhimi maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashni his qildik. Bu qaror umuman barcha tibbiyot xodimlariga juda katta dalda boʻldi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring