Koronavirus yuqtirib olgan bolalarda “Kavasaki sindromi” alomatlari paydo boʻladimi?
Bu haqda bugun AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva quyidagicha maʼlumot berdi:
— “Kavasaki sindromi” genetik kasallik boʻlib, u asosan 4-5 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi.
Bu — juda ham kam uchraydigan katta va mayda qon tomirlar oʻzgarishi, bola organizmining tizimli oʻzgarishi bilan kechadigan kasallik.
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda, Rossiya Federatsiyasi va qoʻshni Qozogʻiston davlatida ham bu sindromga oʻxshash holatlar bolalarda kuzatilayotgani haqida maʼlumotlar bor.
Bizni davlatimizda bu kasallik uchramadi deyishimiz qiyin, balki bolalarda kechgan oʻrta ogʻir turlarida bu kasallik belgilari oʻxshash holatlar kuzatilgan boʻlish ehtimoli bor.
Bizda bu sindrom uchradi deyishimiz uchun kasallik tasdiqlanishi kerak. Bugungi kunda bu sindromga oʻxshash holatlar aniq oʻz tasdigʻini topmadi. Biroq bu bizda kuzatilmaydi ham degani emas, Kavasaki sindromiga oʻxshash kasalliklar bolalarda kuzatilishi va koʻpayishi ham mumkin.
Bu sindromga oʻxshash kasallik kelib chiqishida koronavirus taʼsirida bola organizmida kechadigan kuchli yalligʻlanish uning immun tizimini kuchayishi, qon-tomirlar oʻtkazuvchanligini buzilishini keltirib chiqaradi.
Bolani tana harorati 5 kun va undan ortiq 38 darajadan yuqori boʻladi.
Tanasida turli toshmalar toshishi kuzatiladi, qoʻllar kafti va tovonlar terisi koʻchishi kuzatilishi mumkin.
Bola organizmida kechayotgan jarayonni ogʻir yoki yengilligiga qarab bu belgilar kuzatiladi.
Ota-onalar bolalarda shamollash alomatlarini paydo boʻlishi bilan poliklinikalardagi oilaviy shifokor yoki pediatrga murojaat etishi lozim.
Bu sindrom yurak miokardiga boʻlgan taʼsiri sabab miokardit kasalligini keltirib chiqaradi, baʼzi hollarda bola organizmidagi kuchli immun reaksiya uning oʻlimi sababchisi boʻlib qolishi ham mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring