Koronavirus yuqtirgan 1 nafar bemorning ahvoli ogʻirligi maʼlum qilindi
arxiv
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus aniqlangan bemorlar va karantinda saqlanayotganlar haqida maʼlumot berdi.
“Ayni paytga kelib, koronavirus kasalligi bilan roʻyxatga olingan bemorlarning soni 298 nafarni tashkil etdi. Keyingi kunlarda kasallik aniqlanayotgan bemorlarning barchasi statsionar sharoitda karantin muddatini oʻtayotgan fuqarolarimiz orasidan aniqlanyapti. Statsionar va uy sharoitida 100 mingdan koʻproq fuqaro tibbiy kuzatuv ostida turibdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyati bergan maʼlumotga koʻra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 85 bemorning 22 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti. 4 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining esa ahvoli nisbatan ogʻir, deb baholanmoqda. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 35 bemordan 1 nafarining ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir, deb baholanyapti. Ahvoli ogʻir va oʻta ogʻir, deb baholangan bemorlar intensiv-terapiya muolajalariga oʻtkazilgan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida koronavirus kasalligi boʻyicha vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Mamlakatimizda kasallik keng koʻlamda tarqalib ketmasligi uchun bemorlar va ular bilan muloqotda boʻlganlarni hamda epidemik noxush hududlardan olib kelingan shaxslarni alohidalash tadbirlari nechogʻlik toʻgʻri oʻtkazilganligiga guvoh boʻlib turibmiz. Shunday ekan, har birimiz karantin tadbirlariga toʻliq rioya qilishimiz, ortiqcha muloqotdan cheklanishimiz, uyda qolishimiz kerak! Qachonki, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqishiga yoʻl qoʻymasak, epidemik vaziyatni jilovlay olamiz. Aks holda, vaziyat murakkablashib ketishi mumkin”, deydi Otabekov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring