Koronavirus tasdiqlangan ilk oʻzbekistonlik haqida qoʻshimcha maʼlumot
Bemor istiqomat qiluvchi koʻp qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazildi. Shu bilan birga, mazkur koʻp qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqaro roʻyxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Oʻzbekistonda qayd etilgan koronavirus infeksiyasi toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumot berdi.
“Joriy yilning 14-mart kuni Respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga COVID-19 koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib 1 nafar bemor yotqizilgan.
Bemor 2020-yilning 28-fevralidan 11-mart kuniga qadar Fransiya davlatida sayohatda boʻlgan. 11-mart kuni soat 6:00da Parij-Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan. Toshkent xalqaro aeroporti sanitariya-karantin punktida termometriya hamda birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilgan va tekshiruv davomida kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manziliga aniqlik kiritilib, uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
Joriy yilning 13-mart kuni bemor tomogʻida qichishish, tana harorati koʻtarilishi hamda yoʻtal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bemordan 14-mart kuni koronavirus infeksiyasiga laboratoriya tahlili uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga namuna olingan va 15-mart kuni soat 06:00da namuna javoblariga koʻra koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan.
Samolyotda bemor bilan 48 nafar yoʻlovchi kelgan. Ulardan 24 nafari tranzit yoʻlovchilar, 24 nafari Oʻzbekistonda qolgan. Ularning 4 nafari Fransiya, 1 nafari Italiya va 1 nafari Braziliya fuqarolaridir.
Oʻzbekistonda qolgan 24 nafar kishining asosiy yashash manzili boʻyicha roʻyxatlari shakllantirildi. Ularni 14 kunlik karantin oʻtkazishi uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 11-mart kuni faoliyat olib borgan 69 nafar chegara qoʻshinlari, bojxona, aeroport xodimlarining roʻyxati shakllantirildi hamda maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
Bemorning 10 nafar oila aʼzolari toʻliq tekshiruvdan oʻtkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirildi.
Bemor istiqomat qiluvchi koʻp qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazildi. Shu bilan birga, mazkur koʻp qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqaro roʻyxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining malakali mutaxassislari tomonidan epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda. Bu jarayonga barcha kuch va vositalar jalb qilingan, olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻliq nazoratga olingan”, deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring