Koronavirus infeksiyasi va uning oldini olish toʻgʻrisida nimalarni bilish muhim
Hozirgi kunda koronavirusning yangi turi (COVID-19) keltirib chiqaradigan kasallik tobora koʻproq global tashvishni kuchaytirmoqda. Juda qisqa vaqt ichida infeksiya kasallikning epitsentridan — Uxan (Xitoy) shahridan orqali butun dunyoga tarqaldi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ayni paytga kelbi virus dunyoning 190 ortiq mamlakatida qayd qilinib, zararlangan soni 338 mingdan oshdi. Ushbu infeksiya tufayli 14 687 nafar odam hayotdan koʻz yumdi. Afsuski, bu raqamlar kun sayin ortib bormoqda. Mamlakatimizda ushbu virus 46 kishida aniqlangan. Ularga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan standartlar asosida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, kasallik sogʻliqni saqlash tizimlari zamonaviy tekshiruv vositalari bilan jihozlangan iqtisodiy rivojlangan AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Norvegiya kabi mamlakatlarda ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchilari, ayniqsa, viruslar mamlakatning rivojlanish darajasi, istiqomat qilayotgan xalqning millati, irqini tanlab oʻtirmaydi.Bu profilaktika choralari keng qamrovli va tizimli boʻlishi kerakligini yana bir bor tasdiqlaydi hamda ushbu ishda aholini kasallikni yuqish yoʻllari va tananing koronavirusga moyilligi toʻgʻrisida xabardorligi juda muhimdir.
Infeksiyaning manbai kasallikning namoyon boʻlishisiz kasal yoki virus tashuvchisi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi yoʻtalganda va aksirganda tupuk zarrachalari orqali tashqariga chiqadi hamda 1,5-2 metr radiusdagi odamlarga yuqishi mumkin. Bundan tashqari atrofdagi u yoki bu predmetlar orqali yuqish ehtimoldan xoli emas. Chunki qoʻzgʻatuvchilar plastik yuzada – 5 kun, yogʻochda – 4 kun, oynada – 4 kun, qogʻozda – 4-5 kun, metallda –2-8 soat, tibbiyot qoʻlqopida – 8 soatgacha yashashi mumkin.
Koronavirus infeksiyasining klinik koʻrinishi boshqa patogenlar keltirib chiqaradigan oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga oʻxshaydi. Turgʻunlik davri 2-14 kun. Kasallik oʻtkir tana haroratining koʻtarilishi bilan boshlanadi. Asosiy simptom rinit boʻlib, u burun tiqilishi, nafas olish qiyinlishuvi, hansirash va burundan koʻp miqdorda suvli ajralma ajralishi bilan namoyon boʻladi. Baʼzi hollarda pastki nafas yoʻllarining koronavirus infeksiyasi pnevmoniyaning rivojlanishi bilan, yoʻtal, nafas olish paytida koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar, nafas olish qiyinlishuvi bilan birga boʻlishi mumkin.
Oshqozon-ichak traktining shikastlanishi koʻngil aynish va diareya bilan oʻtkir gastroenterit shaklida davom etishi mumkin. Koronavirus infeksiyasida boshqa oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga xos boʻlgan alomatlar ham kuzatilishi mumkin: yutinganda tomoq ogʻrigʻi, xiralashish, oʻrtacha bosh ogʻrigʻi, isitma.
Yuqtirib olish xavfini kamaytirish omillari:
- qoʻllarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki hayvon bilan aloqadan keyin qoʻllarni yuvish;
- qoʻlni yuvish imkoniyati boʻlmasa, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida ishlov berish;
- yuzingiz va koʻzingizni qoʻlingiz bilan koʻp ushlamang;
- mobil telefon gripp va boshqa nafas yoʻllari infeksiyalari, shu jumladan koronavirus tashuvchisi yuqtirish omili boʻlishi mumkinligini inobatga olgan holda qurilmani koʻpincha qoʻldan-qoʻlga oʻtib, yuzga juda yaqin joylashtirilgan sababli har doim kechqurun, ish kuni tugaganidan keyin spirt saqlagan antiseptik vositalar bilan ishlov bering;
- koʻcha kuyda ogʻiz-burunga niqob taqing, niqoblarni turi va sifatiga qarab ishlatish muddatlari belgilanganligini inobatga olib,oddiy niqoblar uch-toʻrt soat ishlatilishi kerakligini unutmang;
- imkon qadar gavjum joylarga (kinoteatrlar, koʻngilochar markazlar, supermarketlar) tashrif buyurmang;
- yoʻtalganda va aksirganda ogʻiz bilan burunga tirsakni yoki salfetkani tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlat qutisiga tashlang va qoʻlingizni yuvishni unutmang;
- salomlashish udumiga amal qiling (qoʻl berib, quchoqlashib hamda oʻpishib koʻrishishdan saqlaning);
- shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan cheklaning;
- kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling;
- sizda shamollash alomatlari (yoʻtal, nafas olishda qiynalish) kuzatilsa yoki shamollash alomatlariga ega bemorni parvarishlayotgan boʻlsangiz, albatta, uy yoki kasalxona sharoitida ham ogʻiz-burunga niqob taqing;
- xonalarni shamollatib, toza havoda sayr qiling;
- oziq ovqat mahsulotlarini gigiyenik talablarga mos holda saqlang.
Hurmatli fuqarolar, barcha qoida va cheklovlarga tartibli ravishda amal qilinsagina, tegishli tashkilotlar talabi qatʼiy bajarilsagina, butun dunyoda tarqalayotgan bu virusga qarshi birgalikdagi, hamjihatlikdagi kurashimiz samara beradi.
Amrillo INOYATOV,
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori.
Abdurashid OBLOQULOV,
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti yuqumli kasalliklar kafedrasi professori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring