Koronavirus aniqlangan 4 nafar bemor butunlay sog'aydi
arxiv foto
Bugun kasbiga sadoqatli tibbiyot xodimlarining astoydil saʼy-harakatlari oʻzining dastlabki mevasini berdi. Namangan viloyatidagi toʻrt nafar koronavirusni yuqtirgan fuqaro butunlay sogʻayib, reabilitatsiyaga olinish baxtiga muyassar boʻldi.
Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Solijon Moʻminov va boshqa masʼullar tomonidan viloyat reabilitatsiya markaziga kuzatib qoʻyildi. Kasallikdan tuzalgan fuqarolar maʼlum muddat shu yerda karantinda boʻladi.
– Bugun mening hayotimda unutilmas sana. Xuddi qayta dunyoga kelgandek his etyapman oʻzimni, – deydi bemor. – Bizni oʻylab shunchalik sharoit yaratib bergan Prezidentimizga behisob rahmat. Shifokorlarimizdan bir umr minnatdormiz. Ular oʻzlarining jasoratli xizmatlari, yuksak malakalari, insoniy munosabatlari bilan bizni oyoqqa turgʻazishga sabab boʻlishdi.
Darhaqiqat Prezidentimizning koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olishga qaratayotgan saʼy- harakatlari ushbu kasallikka qarshi tizimli va samarali kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, bunday ijobiy koʻrsatkichlarga erishishda davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada koʻzga koʻringan tajribali mutaxassislarni jalb qilinganligi, shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatimizning qator yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot oʻrnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olayotgani ham qoʻl kelmoqda. Nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qoʻyish va samarali davolash imkonini beryapti.
Eslatib oʻtamiz, hozirda yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 42 nafari ushbu kasallikdan toʻliq forigʻ boʻlishdi. Shu kunlarda shifokorlarimiz mamlakatimizning boshqa hududlaridagi davolash muassasalaridagi bemorlarning ham sogʻayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring