Korxonada mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi
Foto: Халқ сўзи
Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Asaka tekistil” MCHJda mehnat yarmarkasi oʻtkazildi. Unda tumandagi yetmishdan oshiq mahallada istiqomat qiluvchi 1500 nafardan ziyod xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi.
— Korxonada ishchilarga yaratilgan sharoit havasimni keltirdi, — deydi tadbir ishtirokchisi Zulayho Abdurahmonova. — Ishchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobus yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, issiq ovqat bilan taʼminlanganlar. Ish orasida qisqa muddatli dam olish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. Eng muhimi, oylik maoshlarini oʻz vaqtida olishar ekan. Bu yerda ishlayotgan opa-singillarimga havas qilib, ular bilan bir safda boʻlishni xohladim va shu joyning oʻzida ishga qabul qilindim.
2 yarim ming kishi ish bilan taʼminlangan korxonada mehnat yarmarkasi tufayli ishchilar soni yana 300 nafarga ortdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring