Koreya Respublikasidagi oʻzbekistonliklar uyushmasi tashkil etildi
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashabbusi bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar jamiyatlari va faollari bilan Oʻzbekiston Mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan «Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim» mavzusida onlayn uchrashuv oʻtkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Onlayn uchrashuvda Rossiya, AQSH, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Litva, Finlyandiya, Estoniya, Tojikiston, Latviya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlar jamiyatlari, diasporalar, madaniy markazlar va uyushmalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Koreya Respublikasidagi koʻp sonli vatandoshlar, mamlakatimizning ushub davlatdagi elchixonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari hamkorligida Koreya Respublikasidagi oʻzbekistonliklar uyushmasi rasman tashkil etilgani toʻgʻrisidagi xushxabar eʼlon qilindi.
Uyushmani roʻyxatdan oʻtkazish, birinchi navbatda, oʻz vataniga, xalqiga, madaniyati va taqdiriga befarq boʻlmagan vatandoshlarning faol fuqarolik tashabbuskorligi oʻlaroq amalga oshirildi.
Veb-anjuman natijasida tomonlar bu kabi uchrashuvlarni tez-tez oʻtkazish, ish faoliyati davrida tajriba almashish va yurtimiz ravnaqi yoʻlida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring