Koʻp shaklli eritema kasalligi qanday davolanadi?

15:51 02 Yanvar 2024 Jamiyat
1037 0

Ilmira Razikova, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori:

— Koʻp shaklli eritema — oʻtkir allergik kasallik. Bu xastalik belgilari kuzatilganda darhol allergolog va dermatolog mutaxassisga murojaat qilish zarur. Shifokor kengaytirilgan allergologik anamnez va UTT tekshiruvlari yordamida tashxis qoʻyadi.

Shundan soʻng tegishli muolajalar belgilanadi. Bunda kasallik turi, uning tez-tez takrorlanish, shilliq qavatlar shikastlanish darajasi, teri toshmasi koʻlami kabi omillar hisobga olinadi.

Davolash jarayoni asosan bemor umumiy ahvolini yaxshilash va toshmalarni kamaytirish, xastalikning qaytalanish xavfini bartaraf etish, asoratlarning oldini olish va immunitetni oshirish kabi chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Koʻp shaklli eritemaning har qanday turida giposensibilizatsiya qiluvchi muolaja va antigistamin (antiallergik) preparatlar qoʻllaniladi.

Ogʻiz boʻshligʻi va boshqa aʼzolar shilliq pardalari shikastlanganda, yalligʻlanishni yengillashtiruvchi va infeksiyani bartaraf etuvchi aralashmalar — rotokan, moychechak qaynatmasi bilan chayish tavsiya etiladi.

Mahalliy ferment preparatlari yalligʻlanish oʻchoqlarini nekrotik toʻqimalardan tozalashni tezlashtirishga yordam beradi.

Yengil holatlarda uyda davolanish maqsadga muvofiq. Kasallik ogʻir kechganda, shuningdek, ambulator davolanish yetarli samara bermasa, statsionar sharoitda muolajalar olish buyuriladi.

Bemorni izolyatsiya qilish talab qilinmaydi. Chunki u atrofidagilar sogʻligʻiga xavf tugʻdirmaydi.

Oʻz navbatida, koʻp shaklli eritemadan aziyat chekayotganlar shifokor tavsiyasiga koʻra gipoallergen parhezga amal qilishi lozim boʻladi.

Kasallikning toksik-allergik turida muolajalar asosan qoʻzgʻatuvchi moddani aniqlab, uni organizmdan chiqarishga qaratiladi.

Shu maqsadda bemorga koʻp miqdorda suyuqlik, enterosorbentlar va peshob haydovchi vositalar beriladi.

Ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikni aniqlash va davolashning zamonaviy usullari qoʻllanilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер