Konteynerdan qurilgan bogʻcha ham qulay, ham arzonmi?
Bolaning maktabgacha boʻlgan yoshda aqliy faolligi oshib, axloqiy-estetik va jismoniy fazilatlari shakllanadi. Aynan ana shu yoshda bola ongu tafakkuriga ezgu fazilatlarni singdirib borishning ahamiyati juda katta. Mamlakatimizda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb etish qamrovini yanada yuksaltirish boʻyicha katta ishlar olib borilayotganining boisi ham shunda.
Hozirgi kunda bolalarni bogʻchaga jalb qilishning ahamiyatini ota-onalar ham tushunib yetib, farzandini maktabgacha taʼlim muassasalariga berishga intilishmoqda. Lekin tan olish kerak, hali maktabgacha yoshdagi farzandlarimizni bogʻchalarga jalb qilish uchun imkoniyatlardan toʻliq foydalana olmayapmiz. Shu bois bu dolzarb yumushlarga tadbirkorlar ham keng jalb qilinmoqda.
Yaqinda Buvayda tumaniga borganimda 7-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi loyiha asosida konteynerdan qurilgan 2 ta 30 oʻrinli bogʻchani koʻzdan kechirdim. Juda ajoyib, qulay va hamma imkoniyatlar mavjud. Eng asosiysi konteynerdan qurilgan bogʻchalar juda arzonga tushar ekan. Bu yangi loyiha bilan tanishib, xudda shunday bogʻchalar mamlakatimizning turli hududlarida davlat sherikchiligi asosida qurilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi deb hisoblayman.
Bu taklifni oʻrtaga tashlayotganimning bir muhim jihati bor. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida kelgusi yil yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovini 65 foizga, 2023-yil oxirida esa 75 foizga yetkazish, bu ishlarga byudjetdan 600 milliard soʻm subsidiya berish hisobidan qoʻshimcha ravishda 2 mingta nodavlat bogʻcha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Bu ulkan loyihani amalga oshirishda yuqorida taʼkidlaganimdek, uzoq va olis hududlarda konteynerdan arzon va qulay bogʻchalar barpo qilinsa, amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar koʻlami yana-da yuksalishi tabiiy.
Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring