Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 10-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.
Qonunchilik palatasida tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq qonun loyihasini konseptual asoslash hamda deputatlar oldida uni himoya qilish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yaʼni, Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari A.Gʻafurov maʼruza bilan chiqdi.
Hozirda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017-yil 31-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinadi. Ammo, Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning oʻzi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan.
Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyaviy sudlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalarni Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki, ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bogʻliq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim.
Bundan tashqari konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim boʻlgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Qonun loyihasida fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi subyektlar doirasi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va oʻrganish masalalari aniq qilib belgilanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring