Konstitutsiya tushunchasi, funksiyalari va asosiy prinsiplari
Konstitutsiya lotincha “constitutio” soʻzidan olingan boʻlib, “tuzilish”, “oʻrnatish” degan maʼnolarni bildiradi. Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega boʻlgan yagona siyosiy-huquqiy hujjat boʻlib, unda shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari oʻrnatiladi; davlat hokimiyatining tuzilishi, subyektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi; jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qoʻriqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi.
Konstitutsiya oʻz mohiyati va yuridik tabiatiga koʻra boshqa huquqiy hujjatlardan quyidagi muhim jihatlari bilan ajralib turadi:
birinchidan, konstitutsiya maxsus subyekt, yaʼni Oʻzbekiston xalqi tomonidan referendum orqali yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi ovozi bilan qabul qilinadi;
ikkinchidan, konstitutsiyaviy qoidalar taʼsis etuvchi, yoʻnaltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega;
uchinchidan, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, yaʼni u nihoyatda muhim va keng koʻlamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga taʼsir koʻrsatadi;
toʻrtinchidan, konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega, yaʼni boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, oʻziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va oʻzgartirilish tartibiga ega.
Konstitutsiyaning funksiyalari
Konstitutsiya oʻz mazmuni va ijtimoiy vazifasiga koʻra davlatning mohiyatini taʼriflovchi, uning tashkiliy tuzilishini ifodalovchi, davlat siyosatining asoslarini belgilovchi hujjat sifatida gavdalanadi. Konstitutsiya oʻz ijtimoiy vazifasini bajara borib, bir qator oʻzaro mushtarak boʻlgan funksiyalarni ado etadi.
Konstitutsiyaning eng muhim funksiyalaridan biri davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni taʼmin etishdir.
Siyosiy funksiyasi. Konstitutsiya jamiyat siyosiy tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi; siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati bilan munosabatlarini muvofiqlashtiradi; saylovlar va referendum kabi bevosita demokratiya institutlarini mustahkamlash orqali jamiyatda siyosiy barqarorlikni, fuqarolararo totuvlik, hamjihatlik va tinchlikni taʼminlaydi; davlat yuritadigan ichki va tashqi siyosatning asoslari va barcha muhim yoʻnalishlarini aks ettiradi.
Yuridik funksiyasi. Konstitutsiya yuridik mazmun va mohiyatga ega boʻlgan huquqiy hujjat boʻlib, davlatning Asosiy qonuni sifatida butun huquqiy va qonunchilik tizimlarining oʻzagini tashkil etadi, jamiyat va davlat hayotining, davlat organlari tashkil etilishi va faoliyatining asosiy prinsiplarini mustahkamlaydi. Shu sababli jamiyatdagi barcha huquqiy hayot va yuridik amaliyot, shu jumladan odil sudlov amaliyoti konstitutsiyaviy qoidalar asosida shakllanadi.
Tarbiyaviy-mafkuraviy funksiyasi. Konstitutsiya xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Unda jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi, muhim maʼnaviy omil boʻlib xizmat qiluvchi gʻoyalar oʻz ifodasini topadi. Konstitutsiyada mujassamlashgan mafkura jamiyatni, xalqni muayyan maqsadlar sari yetaklaydi, ularni uddalash uchun safarbar qiladi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy istiqlol gʻoyasi va mustaqillik mafkurasining huquqiy asosini tashkil etib, xalqimizning istiqlolga, erkinlikka boʻlgan intilishini, milliy axloqiy-maʼnaviy qadriyatlarini aks ettirgan hamda ularni jamiyat ongiga, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari
Davlat suvereniteti. “Suverenitet” atamasi ilk bor Fransiyada (XVI asr) vujudga kelgan. Bu atama lotincha superareitas (cupra, superios) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, aslida “eng oliy”, “oliy hokimiyat” degan maʼnoni anglatadi. Suverenitet mustaqil davlatning umumiy va ajralmas belgisi boʻlib, uning toʻla huquqliligini hamda ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda boshqa davlatga qaram emasligini anglatadi.
Oʻzbekiston – suveren demokratik respublika. Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. Oʻzbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʻlinmasdir. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir.
Konstitutsiyaning 5-moddasida "Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari – bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega» deb koʻrsatilgan.
Oʻzbekistonning davlat ramzlari 1991-yil 18-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”, 1992-yil 2-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”, 1992-yil 10-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi qonunlar bilan tasdiqlangan.
Xalq hokimiyatchiligi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
Oʻzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
Xalq hokimiyatchiligi quyidagi shakllarda namoyon boʻladi:
Birinchidan. Hokimiyatning bevosita amalga oshirilishi deganda xalqning saylovlar yordamida hokimiyat vakillik organlarini shakllantirishi, mamlakat Prezidentini saylashi, umumxalq muhokamasi va referendumlari orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, qarorlar va qonunlarni qabul qilishda toʻgʻridan-toʻgʻri qatnashishi tushuniladi.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qoʻyiladi. Referendum soʻzining lugʻaviy maʼnosi lotincha “maʼlum qilinishi lozim boʻlgan narsa” deganidir, yaʼni davlatda hal qilinishi lozim boʻlgan muhim masalalar xalqqa maʼlum qilinadi va uning ovoz berishi orqali hal etiladi. Mamlakatimizda referendum oʻtkazish tartibi 2001-yil 30-avgustda yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Unga koʻra, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻlib, faqat referendum oʻtkazish yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Mamlakatimizda 1991, 1995 va 2002-yillarda referendum oʻtkazilgan.
Ikkinchidan, Hokimiyatning bilvosita amalga oshirilishi deganda xalqning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, qarorlar va qonunlarni qabul qilishda oʻzi saylagan vakillari, yaʼni deputatlar va senatorlar orqali ishtirok etishi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini oʻzlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Konstitutsiya va qonunning ustunligi. Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
Tashqi siyosat. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti boʻlib, uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyatini huquqiy davlatning asosiy talablarini aks ettiruvchi quyidagi prinsiplar ham ochib beradi: a) demokratizm prinsipi; b) hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipi; v) inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi prinsipi; g) ijtimoiy adolat prinsipi; d) qonuniylik prinsipi; ye) fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan boʻlgan huquqlari va burchlari bilan oʻzaro bogʻliqligi prinsipi va boshqalar.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizning yuqorida qayd qilingan sifat va xususiyatlari uning benazir nufuzi, salmogʻi va qadr-qimmatidan dalolat beradi, u mustaqillikning qonuniy poydevori va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatidir.
Foziljon OTAXONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring