Konferensiyada xalqaro tashkilotlar vakillari Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlamoqda

12:26 26 Iyul 2022 Siyosat
650 0

Foto: Xalq so‘zi

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari, mutasaddilar chiqish qilmoqda.

Jumladan, BMT, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning xalqaro anjuman vositasida jahon siyosati eʼtiborini yana bir bor Afgʻonistonga qaratish tashabbusi eʼtirofga sazovor ekanini taʼkidlashmoqda. Kutilganidek, anjumanda ushbu davlatdagi xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy holatga koʻmak berish boʻyicha muvofiqlashtirilgan yondashuv va tamoyillar ishlab chiqish zarurligi borasida turli fikrlar ilgari surilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha vakili Markus Potsel xalqaro anjumandagi nutqida tinchlik, inson huquqi va umumbashariy taraqqiyot kabi qadriyatlar ahamiyati haqida fikr bildirarkan, bugungi konferensiya Afgʻonistonda xavfsizlik va iqtisodiy-ijtimoiy yoʻnalishda olib borilayotgan saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligini ham taʼkidladi.

— Biz urush qayta boshlanishi va Afgʻoniston yakkalanib qolishini istamaydi. Mintaqa davlatlari, xalqaro tashkilotlar, yirik donorlar, shuningdek, Afgʻonistonning amaldagi hukumatini birlashtirgan forum ilk bor Toshkentda boʻlib oʻtmoqda, — dedi Markus Potsel. — Xalqaro hamjamiyatning asosiy maqsadi Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga koʻmaklashish. Bu nafaqat afgʻonlar, balki mintaqa va butun dunyo manfaatiga birdek mos keladi. Umuman, Afgʻoniston masalasiga bagʻishlangan forum oʻtkazilishining oʻzi katta muvaffaqiyat.

BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi Munir Mamedzade oʻz chiqishida Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash, terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqini taʼminlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Xalqaro konferensiya doirasida qoʻshni Afgʻonistonda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga qaratilgan gumanitar va infratuzilmaviy loyihalar taqdimoti ham oʻtkaziladi.

Abduvali Soyibnazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер