“Kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda” — poytaxtdagi yomon ekologik vaziyat yuzasidan shahar hokimligi munosabat bildirdi
Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotgani maʼlum qilindi.
“Bunda eng avvalo ekologik barqarorlikni taʼminlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yoʻllarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan soʻng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etiladi. Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan boʻlishi zarur.
Ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yoʻnalish boʻyicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda.
Tez orada ushbu taqdimot keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi”, deyiladi Toshkent shahar hokimligining xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring