Koʻkdalada tadbirkor mahallasidagi kitobxon oʻquvchiga kompyuter sovgʻa qildi

14:12 25 Mart 2024 Jamiyat
1269 0

Jahongir BOYMURODOV / “Xalq soʻzi”. 2023-yilning sentyabr oyida Koʻkdala tumanidagi 18-maktab oʻquvchilariga oʻzbek va jahon adabiyotidagi eng mashhur 10 ta badiiy asarlar roʻyxati berilib, roppa-rosa olti oydan soʻng maktabda shu asarlar asosida «Eng kitobxon oʻquvchi» tanlovi oʻtkazilishi eʼlon qilingan edi.

Eʼtiborli tomoni, ushbu tanlovning tashabbuskori va homiysi shu mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor Nishon Karimov boʻlib, u tanlov gʻolibi zamonaviy kompyuter jamlanmasi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari esa kitoblar toʻplami bilan taqdirlanishini bildirgan.

Berilgan oʻnta asarni yaxshilab oʻqib chiqib, tanlovda gʻolib boʻlish va zamonaviy kompyuter egasiga aylanish kimga yoqmaydi, deysiz?! Shu bois ham oʻquvchilar oʻtgan vaqt davomida tanlovga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishdi. Bu ularning tanlov jarayonidagi faolligi, oʻzaro raqobatning kuchliligida ham aks etib turdi.

Tanlovning dastlabki shartida oʻquvchilar 10 tadan test savollarini yechishgan boʻlsa, ikkinchi shartda oʻzlari tanlagan biletdagi parcha qaysi asardan olinganini aytib, ushbu asarning mazmuni haqida qisqacha soʻzlab berishdi. Ularning natijalari hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 8-sinf oʻquvchisi Malika Yoqubova 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Unga bosh sovrin – noutbuk va kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi. 2-oʻrinni Javlon Ravshanov va Shodiyona Sherxonova egalladi. Ularga ham oz emas, koʻp emas, 1 million soʻmlik kitoblar topshirildi.

— Tanlov oʻquvchilarimizning kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirdi, — deydi maktab direktori Muhammadisharif Toʻrayev. — Bizni xursand qilgani, mahallamizda Nishon Karimov singari ziyoli, ilmni qoʻllab-quvvatlaydigan insonlar koʻp. Endilikda bu anʼanani doimiy davom ettirishni maqsad qilganmiz.

Shuningdek, tadbirkor tomonidan maktab kutubxonasiga ham badiiy kitoblar toʻplami topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер