Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi belgilandi
AOKAda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Neʼmatjon Atamuratov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda kadastr xizmatlarini koʻrsatishdagi yangiliklar haqida maʼlumot berildi.
Unga koʻra fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi nizolari boʻyicha arizalar va shikoyatlar Komissiya va Apellyatsiya komissiyasi tomonidan oʻn ish kunida koʻrib chiqiladi.
Komissiya va Apellyatsiya komissiyasining majlislarida komissiya va Apellyatsiya komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Murojaatlar, shuningdek, Komissiya va Apellyatsiya komissiyalarining bayonnomalari elektron reyestrda yuritiladi.
Sudlarda koʻrib chiqilgan yoki koʻrib chiqilayotgan nizolar Komissiya tomonidan takroran koʻrib chiqilmaydi.
Shuningdek, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibga solinmoqda.
Jumladan, davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, bu haqda guvohnoma berilgan koʻchmas mulklarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va undan koʻchirma berish, shu jumladan, mazkur xizmatlarni bepul amalga oshirish belgilandi.
Kadastr muhandisi institutini respublika miqyosida bosqichma-bosqich joriy etish tartibi belgilanmoqda.
2023-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida, 2024-yil 1-iyuldan respublika miqyosida joriy etiladi.
Shu bilan birga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring