Koʻchma savdo faoliyatining yangicha tartiblari belgilandi

11:20 07 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1942 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻchma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan, 2021-yil 1-dekabrdan boshlab:

koʻchma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan koʻchma savdo obyektlarini elektron tarzda “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (AAT) roʻyxatdan oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda, roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi;

koʻchma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) koʻchma savdo obyektlari joylashish sxemalari boʻyicha “K – SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

Auksion boshlangʻich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer soligʻi miqdorida belgilanadi.

Auksion gʻolibi tomonidan koʻchma savdo joyi qiymati toʻliq toʻlanganidan soʻng unga “K – SAVDO” tizimi orqali avtomatik ravishda QR-kod qoʻyilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega boʻladi. Bunda, koʻchma savdo joyidan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.

Qarorga asosan savdo avtomatlari orqali tovarlarni sotish va (yoki) xizmatlarni koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmasligi;

sotadigan tovarlari va (yoki) koʻrsatadigan xizmatlari turidan qatʼi nazar bunday faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq toʻlovchi deb eʼtirof etilishi belgilandi.

Eslatma: koʻchma savdo obyektlari – vaqtinchalik asosda joylashtirilgan va mavsumiy xususiyatga ega boʻlgan, shuningdek, ish kuni yakunlangandan soʻng obyektni koʻchirish imkoni boʻlgan koʻchma savdo obyektlari (lotoklar, palatkalar, savdo aravalari, peshtaxtalar, avtodoʻkonlar, avtotirkamalar, avtotsisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari). Obyektni koʻchirish talabi savdo avtomatlariga tatbiq etilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер