Koʻchada bemaqsad yurish karantin cheklovini buzishmi? Bunga qanday javobgarlik bor?
Ayrim fuqarolarda koʻchada bemaqsad yurish nima oʻzi va bunga rioya qilmasa qanday javobgarlik mavjud degan savollar tugʻilmoqda.
Maʼlumki, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, Toshkent
va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlari, Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq va Yangiyoʻl shaharlarida fuqarolarning uydan koʻchaga bemaqsad va sababsiz chiqmasliklari uchun majburiy ravishda “oʻzini yakkalash” hayot tarzi joriy etilgan.
Belgilangan tartibga koʻra, “oʻzini yakkalash” hayot tarzida koʻchaga faqat quyidagi sabablar bilan chiqish mumkin:
birinchidan, hayotiy zarur boʻlgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun. Bunda shaxs faqat oʻzining yashash hududidagi doʻkon yoki dorixonaga borishi nazarda tutiladi;
ikkinchidan, shifokor koʻrigiga murojaat etish uchun;
uchinchidan, ish joyiga borish va kelish uchun.
Shuningdek, Maxsus komissiya qarori bilan Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida uy hayvonlari (uy itlari)ni uydan 100 metr atrofida kuniga bir marotaba sayr qildirishga ruxsat berildi.
Ushbu holatlardan tashqari boshqa maqsadlarda koʻchaga chiqish bu bemaqsad koʻchaga chiqish sifatida qaraladi va karantin qoidalarini buzish hisoblanadi. Misol uchun, sayr, sport bilan shugʻullanishga yoki shunchaki yaqin qarindoshini koʻrishga chiqish ham bemaqsad koʻchaga chiqish deb topiladi.
Xorijda bu boʻyicha amaliyot qanday?
Aksariyat xorijiy davlatlarda ham oʻzini yakkalash hayot tarzi joriy etilgan va koʻchada bemaqsad yurganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Xorijiy davlatlarda ham bizga oʻxshash, yaʼni karantin vaqtida oziq-ovqat va dori-darmon xarid qilish kabi birinchi galdagi hayotiy zarur ehtiyojlar uchungina koʻchaga chiqishga ruxsat etiladi. Hatto ushbu davlatlarda koʻchaga chiqish uchun alohida hujjatlar yoki roʻyxatdan oʻtish ham talab qilinadi.
Masalan, Fransiya va Italiyada uydan koʻchaga chiqish sababini tushuntiruvchi alohida maʼlumotnoma, Gretsiyada koʻchaga chiqish sababi koʻrsatilgan ariza, Qirgʻizistonda shaxsini tasdiqlovchi hujjat va yoʻnalish varaqasi, Rossiya (Moskva)da shahar merligi sayti orqali maxsus QR-kod, Kiprda esa kuniga bir marotaba Hukumat tomonidan maxsus SMS-xabar yuborilgandan soʻng koʻchaga chiqishga ruxsat etiladi.
Yoki Ukrainada uyni tark etishga faqat magazin, dorixona va tibbiyot muassasalariga borish maqsadlarida ruxsat beriladi. Karpatorti, Volin, Chernovisk viloyatlarida 11-apreldan 13-aprelgacha fuqarolarga oʻz uylarini har qanday maqsadlarda tark etish taqiqlandi, ularga oldindan birinchi zarurat mahsulotlarini sotib olish tavsiya etildi, xolos.
AQSHda esa turli shtat gubernatorlari farmoyishiga binoan bir qator cheklovlar, xususan fuqarolar oʻz uylarini magazinga yoki vrach oldiga borish uchun tark etishi mumkinligi toʻgʻrisida cheklovlar oʻrnatildi.
Ispaniyada doʻkon va dorixonada xaridni amalga oshirish zaruratidan tashqari, boshqa har qanday holatda koʻchaga chiqish taqiq ostiga olingan. Barselonada esa koʻchaga chiqishni xohlagan shaxsning yonida Hukumat tomonidan beriladigan yoʻl qogʻozi boʻlishi shart.
Belgiyada esa 18-martdan boshlab qattiq karantin rejimi amalda boʻlib, zarur hollardan tashqari uyni tark etish taqiqlanib, tark etgan holda esa oʻzaro masofani saqlash lozimligi va guruh boʻlib yigʻilmaslik belgilandi.
Deyarli barcha davlatlar koʻchalarda bemaqsad yurish holatlari boʻyicha qatʼiy jazo choralarini belgilashgan. Masalan, bunday huquqbuzarliklar uchun Fransiyada 130 yevro, takroran sodir etilsa 1500 yevro jarima, Italiyada 200 yevrogacha jarima yoki 3 oygacha ozodlikdan mahrum qilish, AQSHning ayrim shtatlarida izolyatsiya rejimini buzganlik uchun 2000 dollar jarima, ayrim shtatlarida 10 000 dollargacha jarima va bir yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Sababsiz koʻchaga chiqqan shaxslarni kim va qanday aniqlaydi?
Amaldagi qonunchilikda va maxsus komissiyaning qarorlari bilan ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga karantin qoidalarini buzib, bemaqsad koʻchada yurgan fuqarolarga qatʼiy choralar koʻrish vakolati berilgan.
Ushbu organ xodimlari koʻchaga chiqqan fuqarolarni toʻxtatib, ularning nima maqsadda koʻchada yurganliklarini soʻrashi va asl holatni aniqlash, bemaqsad koʻchaga chiqqan fuqarolarga nisbatan tegishli choralar koʻrish masalasini hal qilish huquqiga ega.
Sardorbek Sotivoldiyev,
Adliya vazirligi masʼul xodimi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring