“Klinika faoliyatida jami 9 mlrd. 747 mln. 598 ming soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan” — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sogʻliqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining koʻp tarmoqli klinikasida byudjet mablagʻlarining foydalanilishi, qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlari va tizimda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish masalalari boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.
Bu haqda Agentlik matbuot xizmati maʼlum qildi.
Oʻrganishda klinika mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarf qilinishi, oʻzlashtirish va talon-taroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari toʻlab kelinishi, tibbiyot texnikalaridan foydalanish, pullik tibbiy xizmat koʻrsatishdan tushgan mablagʻlarning maqsadsiz sarflanishi, davlat xaridlarini amalga oshirishda bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Oʻtkazilgan oʻrganish yakuni boʻyicha klinika faoliyatida jami 9 mlrd. 747 mln. 598 ming soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan boʻlib, shundan 586.798.200 ming soʻmlik byudjet mablagʻlari rastrata qilish yoʻli bilan talon-taroj qilinganligi maʼlum boʻldi.
Mavjud aniqlangan holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Shunga muvofiq, Agentlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining koʻp tarmoqli klinikasi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda, mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring