K.Lemm: “COVID-19 ustidan gʻalaba global hamkorlikni talab qilаdi"

19:13 24 Aprel 2020 Siyosat
1952 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish, pandemiyaning iqtisodiyot va oddiy odamlar hayotiga taʼsirini kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar AQSH ekspertlari tomonidan alohida eʼtirof etilyapti. Bu haqda mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi maʼlum qildi.

Xususan, Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi(AOʻSP) raisi, taniqli yurist Kerolin Lemm Oʻzbekiston hukumatiga koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlar yuzasidan maktub yoʻlladi. Unda Uyushmaning barcha aʼzolari COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda oʻzbek xalqi bilan birdam ekanligini taʼkidlangan.

K.Lemmning aytishicha, yangi virus infeksiyasi qoʻygan cheklovlarga qaramay, Amerika tomoni gumanitar va tijorat koʻmagini taqdim etish yoʻli bilan Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish yoʻlidagi hamkorlikni davom ettiryapti.

U AOʻSP Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek xalqi, xususiy kompaniyalar, xorij korxonalari va investorlari farovonligini oshirishga qaratilgan inqirozga qarshi chora-tadbirlarni qabul qilish borasidagi saʼy-harakatlarini har tomonlama olqishlashini taʼkidladi.

Oʻz navbatida AQSH ishbilarmonlik doiralari Oʻzbekiston rahbarining iqtisodiyot va biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tashlayotgan amaliy qadamlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashayotganini eʼtirof etdi. Bu borada 1 mlrd. dollar salohiyatga ega inqirozga qarshi jamgʻarmaning tuzilishi alohida ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlanadi. Zero, bu mamlakatda barcha turdagi sanoat, xizmatlar, savdo, transport va logistika sohalari barqaror faoliyatini taʼminlash, respublikada COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish uchun moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, ragʻbatlantirish dasturlari orqali tadbirkorlik va aholi bandligini mustahkamlash, aholining eng koʻp koʻmakka muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni kengaytirish, tijorat kreditlarini qoplash uchun byudjetdan foizsiz qarzlar berish yoʻli bilan mahalliy iqtisodiyotni barqarorlashtirish, tashqi savdo bilan shugʻullanadigan xoʻjalik subyektlarining logistika xarajatlarini qisman qoplab berishni nazarda tutadi.

Kerolin Lemm bunday islohotlar haqida mart oyi oxirida Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov bilan boʻlib oʻtgan videokonferensiya chogʻida eshitganini maʼlum qildi.

“Nafaqat Oʻzbekiston, balki Vashingtonda ham inqirozga qarshi chora-tadbirlarga bagʻishlangan bunday yigʻilishni oʻtkazgan birinchi ishbilarmonlik tashkiloti boʻlish biz uchun katta sharafdir. Biz Oʻzbekiston bilan koronavirusga qarshi kurashish, shuningdek, boshqa yoʻnalishlarda ham muntazam onlayn-muloqotlar davom ettiriladi degan umiddamiz”, degan Kerolinn Lemm oʻz maktubida.

AOʻSP raisining soʻzlariga qaraganda, Oʻzbekiston bugungi ogʻir davrda ham Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikka sodiq ekanligini namoyon etdi.

Vashingtondagi diplomatik missiyamiz xabariga koʻra, AOʻSP bilan birgalikda ana shunday xalqaro sheriklar ishtirokida qator tadbirlar oʻtkazildi. Bulardan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning pandemiyaga qarshi kurashishdagi mintaqaviy roli haqida xabardorlik darajasini oshirishdir.

Masalan, aprel oyi boshida “2020-yil va kelgusi yillar uchun global iqtisodiy inqiroz: AQSH, Xitoy, Markaziy Osiyo va moliyaviy bozorlar” mavzusida brifing tashkil etildi. Unda OTB bosh iqtisodchisi doktor Yasuyuki Savada, YETTBning Markaziy Osiyo boʻyicha yetakchi iqtisodchisi Erik Livni, JBning yetakchi iqtisodchisi, amaliyot, moliya va raqobatdoshlik boʻlimi boshligʻi Stevka Slavova kabi mutaxassislar ishtirok etdi.

Yana bir tadbirda XVJning Markaziy Osiyoda COVID-19ga qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlari muhokama qilindi. Unda OTB bosh direktori Verner Liyepax, XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Jihad Azur, YETTBning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchik qatnashdi.

K.Lemm “COVID-19 ustidan gʻalaba global hamkorlikni talab qilishini aytar ekan, “Oʻzbekistonda nafaqat oʻz aholisi, mahalliy xususiy kompaniyalar, balki xorij korxonalari va investorlarini himoya qilgan holda pandemiyaga qarshi faol va qatʼiy kurash olib borayotgan doʻstlarimiz borligi bizning omadimizdir” deya taʼkidladi.

“Bu Oʻzbekiston davlati tomonidan qoʻyilgan misli koʻrilmagan olijanob qadamdir, — dedi u. — Bu esa inqiroz paytida ham ishlashni davom ettirish hamda ishonchli va halol amaliy sheriklar boʻlib qolishi yoʻlida kompaniyalarimizga katta ishonch bagʻishlaydi”.

Uning fikricha, ishonch biznesdagi eng qimmatbaho “tovar” hisoblanadi va AOʻSP Oʻzbekistonga hamda uning pandemiyani yengib oʻtishga qodirligiga ishonadi. AOʻSP Oʻzbekiston koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga tezda javob qaytarganini olqishlar ekan, bu shubhasiz AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi amaliy hamkorlik rivojlanishiga olib keladi.

“Oʻzbekistondagi barcha doʻstlarimizga rahmat! Birgalikda biz yangi virus kasalligiga qarshi kurasha va iqtisodiy muammolarni yenga olamiz” deya xulosa yasaydi oʻzining maktubiga K.Lemm.

Elchixona yana 22-aprel kuni AQSHning nufuzli Eurasianet nashrida koronavirusga qarshi kurashish davrida Oʻzbekiston aholisi samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanayotgani haqida maqola chop etildi.

Maʼlumot uchun, maʼmuriy qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan ushbu ommaviy axborot vositasi Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan.

Muallifning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nafaqat mamlakatni koronavirus keltirgan inqirozdan chiqishiga yordam berish maqsadida iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻ yoʻnaltirdi, balki koʻmakka muhtojlar va ishsizlarni qoʻllab-quvvatlashlarini soʻrab ishbilarmonlarga ham murojaat qildi.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda aholi va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun zaxira yetarli degan fikrlari keltirib oʻtiladi.

Aholiga shunchaki pul berishdan osoni yoʻq. Lekin biror iqtisodchi buning oqibatlarini oldindan aytib bera olmaydi. Boz ustiga, bu katta ehtimol bilan korrupsiyani kuchaytirib yuborishi mumkin.

Materialda Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Saxovat va koʻmak” ummuxalq harakati tashabbusi ilgari surilgani, uning hozirgi vaziyat keltirib chiqargan ishsizlik va qiyinchiliklarni yengib oʻtishdagi ahamiyatiga toʻxtalib oʻtilgan.

Oʻz navbatida davlat saxovat va homiylik ishlarida faollik koʻrsatgan kompaniyalarga soliq toʻlashda, kredit va ijara masalalarida imtiyozlar berayotgani qoʻshimcha qilingan.

Elchixona xabariga koʻra, The New York Times kundalik gazetasida ham Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatda koronavirusning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarga bagʻishlangan maqola chop etilgan. Unda muallif Oʻzbekistonda Toshkent viloyatidagi oʻn ming oʻrinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining bir qismini ochishga tayyorgarlik koʻrilayotgani, bu koronavirus tarqalishini jilovlashga xizmat qilishi haqida soʻzlaydi. "Ushbu obyekt ham virusni yuqtirgan mahalliy aholi, ham Oʻzbekistonning xorijdan qaytib kelayotgan va karantinga joylashtiriladigan fuqarolari uchun moʻljallangan" deyiladi materialda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер