Klaster bu — misoli bir ahil oila
Nega bunday deyapman? Negaki, klaster daladagi dehqonni, zavoddagi ishchini, toʻqimachilik fabrikasidagi ip yigiruvchini va tikuvchilik korxonasidagi chevarni boshini qovushtiradi, bir oila misoli ishlashga undaydi. Boshqacha aytganda, chigitni ekishdan tortib, savdo rastasiga tayyor kiyim-kechak boʻlib borgunga qadar jarayon ishtirokchilari oʻzlarini klaster vakili ekanini his qilishadi.
Endi savol tugʻilishi mumkin, bu yaxshimi yoki yomon? Axir yangilik hayotga endi kirib kelayotgan paytda unga qarshilar ham, betaraflar ham, qoʻllab-quvvatlovchilar ham boʻladi-da. “Endi yerimiz klasterga oʻtdi, fermerlik huquqi qoʻldan ketdi” deb, yangilik mohiyatini tushunmay gapirayotganlar ham boʻldi. Hatto, “klaster fermerga maosh bermayapti, yerlar hosildorligi pasayib bormoqda” qabilida orqavarotdan qarshilik koʻrsatuvchilar ham topildi. Ammo klaster tizimi bir oiladay hamjihat boʻlib, rivojlanishning dastlabki bosqichini mardonavor yengib oʻtdi.
Bugun klaster tizimiga xalqning ishonchi yuksaldi, bu tizimning afzalliklarini har birimiz seza boshladik. Fikrlarimga Koson tumanida faoliyat koʻrsatayotgan “BUNYODKOR” MCHJ paxta toʻqimachilik klasteri faoliyatini misol qilib koʻrsatishni lozim deb topdim. Chunki bu klaster tizimi nafaqat tumanda balki viloyatda ham, mamlakatda ham oʻz oʻrni va mavqeini mustahkamlab bormoqda. 2018-yilda dastlabki faoliyatini 9,4 ming gektar yerda ish boshlagan klaster 172 nafar ishchiga qulay mehnat sharoiti yaratib berdi va bugunga kelib, ish bilan band etilganlar soni 240 nafardan oshdi. 7 ming gektar yerda yetishtirilgan 20 ming 580 tonna paxta xom ashyosini qayta ishlash uchun 2020-yilda yana 210 nafar ishchi oʻrni yaratildi.
Eng quvonarlisi esa ishlab chiqarilgan 7180 tonna paxta tolasi klasterning tekstil fabrikasida ip-kalavaga aylantirildi. Yaʼni 5900 tonna ip-kalava tayyorlanib, undan 4500 tonna trikotaj mato ishlab chiqarish boshlandi. Endigi vazifa esa 10 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga qaratilgan. Shu oʻrinda ip-kalava mahsulotini xorijga eksport qilish statistikasiga ham eʼtiboringizni qaratmoqchiman. 2018-yilda 0,4 million AQSH dollari miqdorida ip-kalava xorijga eksport qilingan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 2,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. 2020-yilda 2,7 million, 2021-yil oxirigacha umumiy eksport hajmi 28,7 million AQSH dollariga, ish oʻrnini esa 1340 taga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, klaster tarkibidagi paxta zavodini modernizatsiya qilish boʻyicha ham loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra, 2021-yilning ikkinchi choragida loyiha qiymati 2,4 million AQSH dollari miqdoridagi modernizatsiya ishlariga kirishiladi. Natijada zavodda 70 ming tonna paxtani zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, 200 ta yangi ish oʻrni ochiladi. Bundan tashqari 2021-yilning uchinchi choragida yogʻ-moy zavodi ham 3,6 million AQSH dollari miqdoridagi loyiha asosida modernizatsiya qilinib, yiliga 15 ming tonna sifatli yogʻ ishlab chiqaradigan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib oʻrnatiladi. Modernizatsiyadan soʻng 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xoʻjaligi sohasini izchil isloh qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda va buning amaliy samaralari klasterlar misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. “BUNYODKOR” MCHJ paxta toʻqimachilik klasteri Qashqadaryoda faoliyat olib borayotgan 10 ta klasterning bittasigina, xolos. Vaholanki, viloyatda klaster tizimiga oʻtib, ahil bir oiladek, hamjihatlikda ekib, yetishtirib, qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarayotgan, ham ichki ham tashqi bozorni boyitishga katta hissa qoʻshayotgan klasterlar safi kengayib bormoqda. Zero, klasterlar zamon bilan hamnafas qadam tashlayapti, ularning eng katta yutugʻi ham shunda.
Arziqul Sherov,
Qarshi shahar Kengashi deputati,
OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring